Jamg‘arma haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 158-son qarorlari asosida tashkil etilgan Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi. U oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga va Davlat gerbi tasviri tushirilgan o'z nomi yozilgan muhriga ega.
Jamgʻarmani tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad "Ijtimoiy reyestr"ga kiritilgan ehtiyojmand oilalar aʼzolarini kambagʻallikdan chiqarish, ularning bandligini ragʻbatlantirish hamda tadbirkorlikka keng jalb etishga koʻmaklashishdan iborat. Shu maqsadda Jamgʻarma aholiga va ularni ish bilan taʼminlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga manzilli moliyaviy yordamlar — subsidiya, grant va ssudalar ajratadi. Shuningdek, tashkilot pilla yetishtiruvchilarni moddiy ragʻbatlantirish, kasanachilarga zarur asbob-uskunalar xarid qilishga koʻmaklashish va ipak qurti urugʻchilik korxonalariga mavsumiy ishchilarning ish haqining ma'lum bir qismini kompensatsiya qilib berish kabi muhim yo'nalishlarni ham moliyalashtiradi.
Tashkilot faoliyati ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni ta'minlash maqsadida ikki bosqichli boshqaruv tizimi asosida olib boriladi. Uning oliy boshqaruv organi Vasiylik kengashi bo'lib, ushbu kengash Jamgʻarma faoliyatining strategik yoʻnalishlarini belgilaydi hamda har yilgi daromad va xarajatlar koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi. Jamgʻarmaning kundalik operatsion va joriy ishlariga esa Ijro etuvchi direktor boshchiligidagi Direksiya rahbarlik qiladi. Direksiya talabgorlar bilan shartnomalar tuzadi, yuzaga keladigan murojaatlarni ko'rib chiqadi hamda ajratilayotgan budjet mablag'larining qatʼiy maqsadli va samarali ishlatilishini muntazam monitoring qilib boradi. Jamgʻarma o'z faoliyatida bevosita Vasiylik kengashiga hisobdor hisoblanadi.
