Sohaga oid atamalarning izohli lug‘ati
Grant — kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan pul va natura koʻrinishida ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, oʻqish uchun koʻrsatiladigan jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarib bermaslik sharti bilan beriladigan moliyaviy koʻmak;
Ishsiz — Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻn olti yoshdan pensiya taʼminoti huquqini olish yoshigacha boʻlgan, haq toʻlanadigan ishga yoki ish haqi beriladigan mashgʻulotga (mehnat daromadiga) ega boʻlmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor boʻlgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtishga yoki malakasini oshirishga tayyor boʻlgan, ishga joylashishga koʻmaklashish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganlar bundan mustasno);
Ijtimoiy reyestr — har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha daromadi minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kam boʻlgan “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidagi va minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining bir yarim baravaridan kam boʻlgan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasidagi oilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladigan reyestr;
“Mahalla yettiligi” — fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari namunaviy tuzilmasiga kiritilgan mahalla raisi rahbarligidagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori aʼzolaridan iborat boʻlgan guruh;
Moliyaviy koʻmak — fuqarolarni kambagʻallikdan chiqarish uchun ajratiladigan subsidiya, grant va ssudalar;
Subsidiya — kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarib bermaslik sharti bilan beriladigan foizsiz moliyaviy koʻmak;
Ssuda — kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish va uni rivojlantirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarib berish sharti bilan beriladigan moliyaviy koʻmak;
Talabgor — subsidiya, grant, ssuda va kompensatsiya olish uchun murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar.
