Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatida korrupsiya omillarini bartaraf etish masalalari o‘rganildi
2026-06-30 17:30:00 / Press-relizlar

Ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 158-son qarori asosida tashkil etilgan Jamg‘arma aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish va barqaror daromad manbalarini shakllantirishga qaratilgan moliyaviy mexanizmlarni amalga oshirmoqda.
O‘rganish davomida Jamg‘arma tomonidan aholiga subsidiya, ssuda, grant va kompensatsiya shaklida moliyaviy ko‘mak ajratishning elektron platformasi faoliyati bilan tanishildi. Xususan, 17 ta moliyaviy instrument orqali mablag‘larni ajratish jarayoni, arizalarni qabul qilish, skoring baholash, qaror qabul qilish bosqichlari hamda ushbu jarayonlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishga xizmat qiluvchi raqamli mexanizmlar atroflicha tahlil qilindi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan olti oyida Jamg‘arma tomonidan 18 233 nafar talabgorga 147,6 milliard so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratilgan. Ushbu mablag‘lar aholining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida Jizzax viloyati Zomin tumani fuqarolarining subsidiya mablag‘larini olish bilan bog‘liq murojaatlari Jamg‘arma mutasaddilari ishtirokida real vaqt rejimida elektron platforma orqali ko‘rib chiqildi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonining ochiqligi, qaror qabul qilishning asoslanganligi hamda xizmat ko‘rsatishning shaffofligi amaliy misollar asosida baholandi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha davlat moliyaviy ko‘magini ajratish jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlikni yanada kuchaytirish, korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, tegishli tartibda mas’ul idoralarga kiritiladi.
Mazkur o‘rganishlar davlat mablag‘laridan samarali va manzilli foydalanishni ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.






