Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari Migratsiya agentligi faoliyati bilan tanishdilar
2025-10-09 16:40:00 / Yangiliklar

2025-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida deputatlarga agentlikning asosiy yo‘nalishlari, tashqi mehnat migratsiyasini samarali tashkil etish, fuqarolarning qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiyaga agentlik tomonidan 2025-yil 5-mart va 29-iyul kunlari o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishlarda belgilangan vazifalar ijrosi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot taqdim etildi.
Tashrif davomida mehnat migratsiyasi sohasida korrupsiyaviy holatlarni oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, ayrim xususiy konsalting firmalari tomonidan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha noqonuniy faoliyat yuritilayotganligi, natijada ko‘plab fuqarolarning aldanib qolayotganligi haqida fikr almashildi. Bu borada noqonuniy migratsiyani tashkil etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish hamda tegishli huquqiy normalarni qonunchilikka kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va qo‘mita a’zolari o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy ongi va xabardorligini oshirish, mehnat migratsiyasi jarayonlarini shaffof va samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.






