
Korrupsiyaga qarshi kurash

O‘zbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish
SIYOSATI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati (keyingi o‘rinlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati deb yuritiladi) xodimlar orasida hamda jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyati darajasini oshirish maqsadida Migratsiya agentligi xodimlarining yuqori axloqiy meʼyorlarga sodiqligini, shuningdek, xodimlar faoliyatida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslikni aks ettiradi.
2. Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari – Foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar” xalqaro standarti talablarini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va yetakchi xalqaro amaliyot asosida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
3. O‘zbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentligi deb yuritiladi) hududiy va tarkibiy tuzilmalari ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati faoliyatining ahamiyatini hisobga olgan holda qabul qilishlari, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini, mavjud bo‘lgan korrupsiya xavfi, tajribasi va mavjud manbalari asosida ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari lozim.
4. Agentlikning markaziy apparati va hududiy filiallarida (keyingi o‘rinlarda – Agentligi gentligi va hududiy filiallar deb yuritiladi) korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va korrupsiyaga qarshi kurashishga doir ichki hujjatlar talablarini tushunish va ularga rioya etish;
Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyani tubdan yo‘qotishga erishish;
aholini xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat Migratsiya sohasidagi huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish;
Agentlik va hududiy filiallar faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga barham berish, ularning oqibatlari, ularga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini taʼminlash.
5. Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati Agentlikning ichki hujjati sifatida yuqorida ko‘rsatilgan asosiy maqsadlarga erishish uchun Agentlik va hududiy filiallar faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan asosiy talablar va tamoyillarni belgilab beruvchi asos hisoblanadi.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati talablari egallab turgan lavozimi hamda bajaradigan vazifa va funksiyalaridan qatʼiy nazar Agentlik bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan barcha xodimlarga, shu jumladan, Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari va hududiy filiallari xodimlariga tadbiq etiladi.
7. Agentlik va hududiy filiallarga ishga qabul qilinayotgan har qanday shaxs ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati bilan imzo qo‘ygan holda tanishishga va uning qoidalariga rioya qilishga majbur.
8. Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatida quyidagi asosiy tushunchalar va atamalar qo‘llaniladi:
ish jarayonidagi mehmondo‘stlik belgilari – uchinchi shaxslarning hamkorlik o‘rnatish va/yoki uni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lgan, sodiqligiga qaratilgan, Agentlik va hududiy filiallar xodimlari manfaatlari yo‘lidagi xarajatlari, jumladan uchinchi shaxslarning ovqatlanishi, ish faoliyati yuzasidan tushliklar tashkil etilishi bilan bog‘liq xarajatlari, transport xarajatlari, yashash, ko‘ngilochar tadbirlar, jumladan sayohat dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar va h.k.;
korrupsiyaga qarshi kurashish talablari buzilganligi to‘g‘risida vijdonan xabar berish – Agentlik va hududiy filiallar xodimi tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarlik sodir etilganligi (sodir etishga suiqasd qilinganligi) to‘g‘risida ruxsat etilgan aloqa kanallari orqali asosliligiga ishonch hosil qilgan holda yo‘llangan murojaat;
kontragent (shartnomaviy sherik) – Agentlik va hududiy filiallar bilan shartnomaviy munosabatlarga (mehnat munosabatlari bundan mustasno) kirishgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korrupsiyaviy harakatlar – xodim tomonidan pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab harakat yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali porani yaʼni pul, qimmatbaho qog‘ozlar, boshqa mol-mulkni, mulkiy tusdagi xizmatlarni, boshqa mulkiy huquqlarni olish, talab qilish, taklif qilish, vaʼda qilish va berish, shuningdek, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlarni olish, xodim tomonidan pora olish yoki huquqqa xilof boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya belgilariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi – Tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasi yuklangan tarkibiy tuzilma;
korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi – qo‘llaniladigan amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlarni korrupsiyaviy jihatdan buzilishini bartaraf etish, Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan yuqori darajada kasbiy va axloqiy faoliyat olib borishlarini taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmui;
korrupsiyaviy xavf-xatar – Agentlik va hududiy filiallar xodimlari yoki uchinchi shaxslar tomonidan Agentlik va hududiy filiallar nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini ko‘zlab korrupsiyaviy xatti-harakatlarni sodir etish ehtimoli va xavfi;
manfaatlar to‘qnashuvi – Agentlik va hududiy filiallar xodimining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi, uning xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir ko‘rsatayotgan yoxud taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda xodimning shaxsiy manfaatdorligi bilan fuqarolarning, Agentlikning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat;
rasmiyatchilikni soddalashtirish uchun to‘lovlar – belgilangan tartib-taomillar bajarilishini taʼminlash yoki tezlashtirish, tegishli qonunchilik, normalar va qoidalarda nazarda tutilmagan harakatlar sodir etish uchun g‘ayriqonuniy ravishda beriladigan pul mablag‘lari, mol-mulk, mulkiy huquqlar, xizmatlar va boshqa moddiy yoki nomoddiy naf;
xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Agentlik va hududiy filiallar xodimi tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida uning yaqin qarindoshi yoki xodimga aloqador bo‘lgan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari, moddiy yoki nomoddiy qimmatliklar, boshqa mol-mulk, boylik va imtiyozlar ko‘rinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari);
xodim – Agentlik bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;
yaqin qarindoshlar – ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar va opa-singillar, er (xotin), farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi;
xayriya (xayriya yordami) – yuridik va jismoniy shaxslar (xayriya qiluvchilar) ning tashkilot uchun bepul yoki imtiyozlar asosida moddiy va/yoki nomoddiy boyliklar, xususan, pul mablag‘lari shaklidagi boyliklarni topshirish, ular uchun maʼlum ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va xayriya maqsadlaridagi boshqa qo‘llab-quvvatlashlarni taqdim etishda namoyon bo‘ladigan ixtiyoriy beg‘araz yordami;
2-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari
9. Agentlik va hududiy filiallar korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini quyidagi tamoyillarga asoslanib amalga oshiradi:
qonuniylik – Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jahonda tan olingan amaliyotni hisobga olgan holda hamda Agentlikning belgilangan ichki hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;
korrupsiyaga toqatsizlik – Agentlik va hududiy filiallar o‘z faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning har qanday shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatda bo‘ladi. Agentlik va hududiy filiallarning xodimlariga korrupsiyaviy xavf-xatar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan faoliyatda bevosita yoki bilvosita ishtirok etish taqiqlanadi;
ochiqlik va shaffoflik – Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida Agentlik va hududiy filiallar xodimlari va kontragentlarini, keng jamoatchilikni xabardor qilish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning preventivligi, tizimliligi va o‘zaro bog‘liqligi – Agentlik va hududiy filiallar korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishiga va korrupsiyaviy xavf-xatarlarga ko‘maklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va tartib-taomillar aniqlangan xavf-xatarlar darajasiga muvofiq keladi hamda Agentlik va hududiy filiallarning barcha funksiyalari va yo‘nalishlariga integratsiya qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga birlashtirilgan;
korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligi – korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan Agentlik tizimi xodimlari o‘zining maqomi va egallab turgan lavozimidan qatʼiy nazar Agentlikning ichki hujjatlari va amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar;
texnika taraqqiyotining yutuqlaridan foydalanish – Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda ilm-fan taraqqiyotining so‘nggi yutuqlaridan, shu jumladan, integratsiyalashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanishga intiladi;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga murojaat qilish – Agentlik tizimining har bir xodimi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligi to‘g‘risida ishonchli va asosli maʼlumotlar mavjud bo‘lganda belgilangan choralarni ko‘rish uchun to‘sqinliksiz idora rahbari va Agentlik direktoriga murojaat qilishi mumkin;
fuqarolik jamiyati vakillari bilan o‘zaro hamkorlik – Agentlik va hududiy filiallar o‘zlariga yuklatilgan funksiyalarni bajarishda faoliyatini halollik, xolislik va mustaqillik asosida mustaqil nazorat qilish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etadilar;
korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish – korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini monitoring
va nazorat qilish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni amalga oshirish natijalariga ko‘ra Agentlik tarkibiy tuzilmalari va hududiy filiallar Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samaradorligini to‘xtovsiz ravishda kuchaytirish choralarini ko‘radilar.
3-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimning elementlari
10. Korrupsiyaga “mutlaqo toqatsizlik” tamoyiliga tayangan holda Agentlik va hududiy filiallarning barcha xodimlariga korrupsiya bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etishi, yaʼni pora beruvchining manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishi yoki harakatsizligi uchun bevosita yoki bilvosita, shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora, yaʼni pullar, qimmatbaho qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, mulkiy tusdagi xizmatlarni berishni talab qilish, tovlamachilik qilish, vaʼda berish va pora berish, pora berish va (yoki) olishda vositachilik qilish, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun to‘lovlarni olish, shaxs tomonidan pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeidan noqonuniy foydalanishi qatʼiyan taqiqlanadi.
11. Quyidagilar Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosiy elementlari hisoblanadi:
a) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy ichki hujjatlar mavjudligi, yaʼni Agentlik va hududiy filiallar korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining asosini:
Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati;
Agentlik va hududiy filiallar xodimlarining odob-axloq qoidalari;
Agentlik tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizomda aks ettirilgan tamoyillar va talablarni tashkil etadi;
b) “Yuqoridan quyiga munosabat” – Yuqori darajada rahbarlik namunasi:
Agentlik va hududiy filiallar rahbarlari, shuningdek, Agentlik va hududiy filiallarning tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari o‘ziga bo‘ysunuvchilar, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishlari kerak;
Agentlik boshlig‘i, boshliq o‘rinbosarlari, Agentlik tarkibiy bo‘linmalari va hududiy filiallar rahbarlari korrupsiyaga qarshi kurashish samarali tizimini yaratish va amalga oshirishda quyidagilar orqali yetakchilikni namoyish etadilar:
Agentlik va hududiy filiallar faoliyatining xavf-xatarga ega funksiyalari (yo‘nalishlari)ga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar va tartiblarni joriy etish, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi/yo‘l xaritasini ishlab chiqish va uning ijrosini nazorat qilish orqali ko‘maklashish;
o‘z mansab majburiyatlarini bajarish doirasida, Agentlik va hududiy filiallar xodimlarida korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilish va axloqiy xulq-atvor yuzasidan shaxsan namuna sifatida namoyon bo‘lish;
v) korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash:
Agentlik va hududiy filiallar funksiyalarining xususiyati, tashkiliy tuzilmasi, jamiyat va boshqa shaxslar bilan o‘zaro faoliyat olib borishiga hamda boshqa ichki va tashqi omillarga bog‘liq holda o‘z faoliyatiga xos bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanadi va baholanadi;
korrupsiyaviy xavf-xatarni aniqlash va baholash doirasida Agentlik va hududiy filiallar faoliyatining barcha sohalari korrupsiyaviy xavf-xatarga ko‘proq uchraydigan funksiyalarni aniqlash maqsadida tahlil qilinadi, ularda mavjud bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilishning barcha shakllari va tartib-taomillari aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish uchun yetarliligi jihatidan tahlil qilinadi. Xavf-xatarlarni aniqlash va baholash jarayonida Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi (keyingi o‘rinlarda - “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi deb yuritiladi)ning faol qo‘llab-quvvatlashi va nazorati ostida Agentlik va hududiy filiallarning tegishli rahbarlari, korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi shaxslar ishtirok etadi;
Agentlik va hududiy filiallarning korrupsiyaviy harakatlarga “mutlaqo toqatsizlik”ni hisobga olgan holda Agentlik korrupsiyaviy xavf-xatarlarning yuzaga kelish ehtimoli va taʼsir qilish darajasidan qatʼi nazar ularni boshqarish zaruratini tan oladi;
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yiliga kamida bir marta amalga oshiriladi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari Agentlik rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladi shuningdek, aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar va tartib-taomillar Agentlik va hududiy filiallarning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarida aks ettiriladi.
g) korrupsiyaga qarshi kurashish uchun masʼul shaxslar va bo‘linmalar:
Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida Agentlikning markaziy apparatida korrupsiyaga qarshi kurashishni shakllantirish va nazorat qilish jarayoni uchun masʼul bo‘lgan alohida tarkibiy tuzilma – “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi tashkil etilgan;
“Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda yetarli darajada mustaqillikka va muhim resurslarga ega bo‘lib, bevosita Agentlik direktoriga bo‘ysunadi va o‘z faoliyatini ushbu rahbar tomonidan tasdiqlangan Migratsiya agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiradi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun hududiy filiallarda ruxsat etilgan lavozimlarga korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funksiyasi yuklatilishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish funksiyalari hududiy filiallarda yuqori darajada korrupsiyaviy xavf-xatarga ega bo‘lmagan, shuningdek, yetarli darajada mustaqil bo‘lgan xodimga yuklatiladi;
Hududiy filiallarning korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi xodimlari korrupsiyani bartaraf etish choralarini ko‘radi, shu bilan birga, o‘ziga yuklatilgan vazifalar doirasida “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi bilan hamkorlik qiladi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda Agentlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi masʼul tuzilmasi (boshqarma, bo‘lim/inspektor) Migratsiya tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari normalariga muvofiq belgilangan tartibda va hajmda xodimlar va aloqador shaxslarning yaqin qarindoshlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘z vaqtida va tizimli yig‘ish, tahlil qilish va yangilab borish uchun javobgar bo‘ladi;
Bundan tashqari, Agentlikning odob-axloq komissiyalari Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish masʼul tuzilma (boshqarma, bo‘lim/inspektor)dan kelib tushgan xodimlar o‘rtasida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ko‘rib chiqadi va (manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinmagan hollarda) uni hal qilish bo‘yicha qaror qabul qiladi yoki aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligi yoxud yetarli emasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi, shuningdek, Agentlik va hududiy filiallar tomonidan belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi masalalarini ko‘rib chiqadi. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish doirasida Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish masʼul tuzilma (boshqarma, bo‘lim/inspektor) va Odob-axloq komissiyalari (yoki shunga o‘xshash komissiyalar) Migratsiya agentligi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom asosida ish yuritadi;
d) aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarni minimallashtiruvchi korrupsiyaga qarshi kurashish choralari:
Agentlik va hududiy filiallar o‘z faoliyati va funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarli yo‘nalishlarda umumiy nazorat muhitini va korrupsiyaga qarshi kurashish nazorat hamda tartib-taomillarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaga qarshi kurashishning komplaens tizimini joriy etadilar.
Agentlik va hududiy filiallar korrupsiyaga qarshi kurashishni nazorat qilish va tartib-taomillarning samaradorligi, jumladan, ularning aniqlangan xavf-xatar darajasiga mutanosibligi, Agentlik va hududiy filiallar xodimlari uchun qatʼiyligi va aniqligi, fuqarolik jamiyati uchun shaffofligini taʼminlashga intiladilar;
Amalga oshiriladigan tadbirlar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha nazorat choralari va tartib-taomillar Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturi/rejasi/yo‘l xaritasida aks ettiriladi hamda tegishli ichki hujjatlarda belgilanadi;
ye) axborotlashtirish, kommunikatsiya va maslahat berish:
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish hamda Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillari va talablari haqida jamiyatning xabardorligini oshirish maqsadida, mazkur Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati hamda Agentlik va hududiy filiallarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi asosiy maʼlumotlar ularning Internet tarmog‘idagi rasmiy veb saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, Agentlik va hududiy filiallar tizim xodimlari yoki boshqa manfaatdor shaxslarni Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida joriy etilgan talablar haqida xabardor qilish va tushuntirish bo‘yicha quyidagilar orqali barcha oqilona xatti-harakatlarni amalga oshiradi:
Agentlik va hududiy filiallar xodimlarini yiliga kamida bir marta korrupsiyaga qarshi kurashish asoslari bo‘yicha doimiy va tizimli o‘qitish, shu jumladan, ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlarni ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa ichki hujjjatlar bilan majburiy tartibda tanishtirish bilan birgalikda ularni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitish. Korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar uchun Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha taʼlim dasturlari belgilanadi. O‘tkazilgan o‘qish/treninglar haqidagi maʼlumotlar Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi (bo‘limlari)da qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanadi;
Agentlik va hududiy filiallar xodimlari hamda fuqarolarning korrupsiyaga murosasiz munosabatini shakllantirish bo‘yicha va korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan tematik audio-video roliklar hamda boshqa axborot maʼlumotlaridan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlar o‘tkazish;
Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilganligi, gumonlar yoki faktlar, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va boshqalar (korrupsiya faktlari haqida xabar berilishi mumkin bo‘lgan usullari to‘g‘risidagi batafsil maʼlumot mazkur Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 4-bobida nazarda tutilgan) haqida xabar berilishi mumkin bo‘lgan aloqa kanallari bilan taʼminlash;
mazkur Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalarini qo‘llash yoki “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari va tartib-taomillarni amalga oshirish bilan bog‘liq savollar kelib chiqqanda Agentlik va hududiy filiallar xodimlariga maslahatlar berish;
Agentlik va hududiy filiallar xodimlarining mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish qoidalarni kiritish;
tasdiqlangan rejaga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha masʼul shaxs tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xulq-atvori yuzasidan tashviqotlar o‘tkazish;
kontragentlarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan talablar va tamoyillar haqida, shu jumladan, ular bilan tuziladigan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus shartlarni kiritish to‘g‘risida xabardor qilish va h.k.;
g) monitoring, nazorat va hisobot:
“Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilgan chora-tadbirlarning yetarliligi, mutanosibligi va samaradorligini baholaydi hamda doimiy monitoringini olib boradi. O‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.
Agentlik va hududiy filiallarda monitoring va nazorat qilishning quyidagi tartib-taomillari amalga oshiriladi:
Agentlik va hududiy filiallar faoliyati va funksiyalaridagi o‘zgarishlar, ularning tashkiliy-funksional tuzilmasidagi o‘zgarishlar hamda boshqa ichki va tashqi omillarning Agentlik va hududiy filiallarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimiga taʼsirini, mazkur tizimga o‘zgartirish kiritish zaruriyatini tahlil qilish, shu jumladan, uni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini taʼminlash;
tasdiqlangan rejaga muvofiq samarasiz nazorat va tartib-taomillarni aniqlash uchun ularni to‘g‘rilash va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining ishonchliligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida tanlov asosida Agentlik tizimidagi funksiyalar va ichki jarayonlarni monitoring qilish;
ichki va (yoki) tashqi tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonida Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha talablarga rioya qilinishini nazorat qilish;
“Komplayens va ichki nazorat” bo’limi/korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi va boshqa tarkibiy tuzilmalarga yuklatilgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va tegishli tartibda amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borish va h.k.
Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini nazorat qilish va monitoringi bo‘yicha chora-tadbirlar natijalari Agentlik boshlig‘i, Agentlik hayʼati va hududiy filiallar rahbarlarining yillik hisobotlarida o‘z aksini topadi.
z) huquqbuzarliklarga nisbatan munosabat bildirish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish:
Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatiga amal qilish va Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarga rioya qilish har bir xodim uchun o‘z xizmat majburiyatlarini bajarilishi doirasida majburiydir. Xodimlar belgilangan talab va tartib-taomillarning buzganligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar. Bundan tashqari, bevosita rahbarlar o‘z bo‘ysunuvidagi xodimlar tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etilganligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadilar;
korrupsiyaga qarshi kurashishga oid belgilangan talablar va tamoyillarni buzgan Agentlik va hududiy filiallar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va asoslarda intizomiy, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar;
xodimlar ularni korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlikni sodir etishga undovchi shaxslarning har qanday murojaatlari to‘g‘risida, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida o‘ziga maʼlum bo‘lgan har qanday faktlar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Agentlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limi xabar berishi shart;
korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyilini hisobga olgan holda, Agentlik tizimida xodimlarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir etishlari bilan bog‘liq har qanday asosli shubha bo‘yicha xizmat tekshiruvlari O‘zbekiston Respublikasi konunchiligi talablariga muvofiq va ichki hujjatlarda belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini va (yoki) mazkur Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati va Agentlikning boshqa ichki hujjatlarida belgilangan korrupsiyaga qarshi talab va tartib-taomillarni buzgan xodimlar, ularning lavozimi, xizmat muddati va boshqa omillardan qatʼiy nazar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda Agentlikning ichki hujjatlarida nazarda tutilgan doirada va asoslarda javobgarlikka tortiladilar;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda Agentlik va hududiy filiallar, ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini tahlil qiladilar va doimiy asosda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtiradilar;
Agentlik va hududiy filiallar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash va tekshirish uchun boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat organlari bilan hamkorlik qiladilar.
4-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari
§ 1. Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish
12. Agentlik va hududiy filiallar xodimlari o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish va (yoki) manfaatlarini ifodalash doirasida vijdonlilik va halollik tamoyillariga amal qilishi, shaxsiy manfaatlarini hisobga olgan holda o‘zlarining xizmat mavqeidan va (yoki) Agentlik va hududiy filiallarning mol-mulkidan foydalanmaslik va manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan vaziyatlardan saqlanishlari lozim.
Agentlik va hududiy filiallar xodimlarining o‘zlarini xizmat majburiyatlarini lozim darajada va xolis bajarishlariga, jumladan, xolis qaror qabul qilishga hamda Agentlik va hududiy filiallarning huquqlari, qonuniy manfaatlari, mol-mulki va (yoki) nufuziga taʼsir qiladigan yoki taʼsir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyatda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi.
13. Agentlik tizimining xodimlari ishga qabul qilinishida, boshqa lavozimga o‘tkazilishida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligi haqidagi maʼlumotlarni har yili va tegishli vaziyatlar/holatlar yuzaga kelishiga qarab oshkor qilishga majburdirlar. Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni oshkor qilish va uni hal qilish jarayoni Migratsiya agentligi tizimida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.
§ 2. Sovg‘alar va ish jarayonida mehmondo‘stlik belgilari
14. Agentlik va hududiy filiallar xodimlariga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda jismoniy va yuridik shaxslardan biron-bir sovg‘a yoki ish jarayonida mehmondo‘stlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida rag‘batlantirish vositalarini, naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida moddiy yordam qabul qilish taʼqiqlanadi.
15. Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan rasmiy delegatsiyalar tarkibida, rasmiy tadbirlarda, jumladan, xorijda olingan har qanday sovg‘alar belgilangan tartibda Agentlik va hududiy filiallarning mulkiga o‘tkaziladi.
16. Agentlik va hududiy filiallar xodimlariga ularning shaxsi bilan bog‘liq bayramlar (tug‘ilgan kun, bolaning tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni)da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan sovg‘alar xodimning shaxsi bilan bog‘liq sovg‘alar deb tan olinadi.
17. Bunday sovg‘alarni berishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
sovg‘alar Agentlik va hududiy filiallarning kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi;
sovg‘a berish jarayoni tabrik nutqi bilan birga bo‘lishi, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea o‘zining aniq ifodasini topgan bo‘lishi;
sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliqlar va yig‘imlarni hisobga olgan holda) 5 (besh) bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi;
Agentlikning bir nafar xodimi boshqa xodimga sovg‘a uchun sarflaydigan xarajat summasi, har bir holatda 1 (bitta) bazaviy hisoblash miqdordan oshmasligi kerak.
18. Shubhalar paydo bo‘lmasligi uchun boshqa davlat organlari va tashkilotlar xodimlaridan, sheriklar va kontragentlardan, ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 15 va 16-bandlarida ko‘rsatilmagan boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan har qanday bayram (tug‘ilgan kun, farzand tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xalqaro xotin-qizlar kuni va h.k.ni inobatga olgan holda, biroq bu bilan cheklanmasdan) bilan bog‘liq holda olinadigan, ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining 14-bandida sanab o‘tilgan sovg‘alar va boshqa moddiy boyliklarni olish taqiqlanadi.
19. Agentlik nomidan xalqaro konferensiyalarda, simpoziumlarda va boshqa ishbilarmonlik (xizmatga oid) yig‘ilishlarda sovg‘alar berish Agentlik boshlig‘i (yoki uning o‘rinbosarlari)ning buyrug‘i/xarajatlar smetasi bilan amalga oshiriladi.
20. Sovg‘ani qabul qilishning qonuniyligi to‘g‘risida shubha tug‘ilgan har qanday hollarda Agentlik xodimi “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limiga maslahat so‘rab murojaat qilishi lozim.
§ 3. Xodimlarni tanlash, lavozimdan lavozimga o‘tkazish, moddiy rag‘batlantirish
21. Agentlik va hududiy filiallar xodimlarini tanlash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va faoliyatini baholash, shu jumladan mukofot pullarini to‘lash, ustama haqlar va boshqa turdagi mukofotlarni belgilash jarayoni barcha xodimlar uchun shaffof, teng va xolis bo‘lib, ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining asosiy tamoyillari va talablariga muvofiq keladi.
22. Agentlik va hududiy filiallarda ularning rahbarlari, shuningdek, boshqarma va bo‘lim boshliqlarini mukofotlashga asos bo‘lib xizmat qiladigan, ular faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarini baholash tartibi va mezonlari ishlab chiqilgan bo‘lishi lozim. Ushbu ko‘rsatkichlar xolis, oshkora hamda Agentlik va hududiy filiallar xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
§ 4. Tekshirishlarni o‘tkazish hamda davlat organlari va tasarrufiy tashkilotlar faoliyatini o‘rganish
23. Turli xil tekshirishlarni o‘tkazish hamda davlat organlari
va boshqa tashkilotlarning (keyingi o‘rinlarda – “Tekshirish obʼektlari”) faoliyatini o‘rganishda vakolatli Agentlik xodimlari:
manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi;
obʼektni tekshirish bir xodim tomonidan (yakka tartibda) amalga oshirilmasligi;
sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarni soxtalashtirish uchun tekshirish obʼekti vakillarining savodsizligidan foydalanib qonun hujjatlari normalarini noto‘g‘ri talqin qilmasligi, tekshirilayotgan obʼekt xodimlarini aniqlangan faktlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish bilan qo‘rqitmasligi;
tekshirilayotgan obʼektning xodimlariga tahdid qilmasligi;
tekshirish predmetiga kirmaydigan masalalar bilan qiziqmasliklari va hujjatlarni so‘ramasliklari;
Agentlikning vakolatli xodimlari tekshirish davomida aniqlangan har bir huquqbuzarlik holatlariga qonuniy va professional baho berishlari;
agar tekshirish obʼekti vakillari Agentlikning vakolatli xodimlariga aniqlangan qonunbuzarliklarni yashirish uchun pora va (yoki) biron-bir moddiy qimmatlik yoki xizmatlarni taklif qilsa, tekshirish guruhi rahbarini darhol xabardor qilishlari;
tekshirish obʼekti vakillariga Agentlikning vakolatli xodimlarining axloqiy xulq-atvor tamoyillariga muvofiq xolis munosabatda bo‘lishlari shart.
24. Xizmat majburiyatiga davlat organlari va tashkilotlarni tekshirish kiradigan Agentlikning tarkibiy tuzilmalarida, o‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha vakolatli tarkibiy bo‘linma (yoki xodimlari) tomonidan qabul qilingan qarorlar yuzasidan nizolashish uchun apellyasiya instansiyalari tashkil etiladi.
5-§. Kontragentlar va uchinchi shaxslar bilan o‘zaro munosabatlar
25. Agentlik va hududiy filiallar ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining tamoyillari va talablariga zid bo‘lgan har qanday to‘lovlar va (yoki) shu kabi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun mahsulot yetkazib beruvchilarni, pudratchilarni va boshqa uchinchi tomonlarni jalb qilmaydilar.
26. Agentlik va hududiy filiallar kontragentlar bilan munosabatlarda o‘z faoliyatini amalga oshirishida qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladilar. Agentlik va hududiy filiallar tanlashning xolis mezonlaridan foydalanishga asoslangan, mahsulot yetkazib beruvchilar, pudratchilar va boshqa kontragentlarni tanlab olishning haqqoniy, ochiq va shaffof jarayonini hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va sotib olinadigan mahsulotning Agentlik tizimining ichki hujjatlari bilan tartibga solinadigan bahosini aniqlashning shaffof tartibini taʼminlaydilar.
27. Agentlik va hududiy filiallar kontragent bilan o‘zaro hamkorligida:
ehtimoli yuqori bo‘lgan kontragentning ishonchliligini, shu jumladan o‘tmishda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganligi, Agentlik va hududiy filiallar davlat xaridlari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari doirasida Agentlik tizimi xodimlari bilan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud emasligini tekshiradilar;
ehtimoli yuqori bo‘lgan kontragentni (tanlov, tender g‘olibini
va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid kontragentini) o‘zining korrupsiyaga qarshi tamoyillari va talablari haqida ular bilan tuziladigan shartnomalar matniga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlarni qo‘shgan holda xabardor qiladilar.
§ 6. Xayriya va homiylik faoliyati
28. Agentlik va hududiy filiallar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda xayriya va homiylikni qabul qilishlari mumkin. Bunday yordamni olgan paytda Agentlik xodimlari manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, mablag‘larni qonunda va (yoki) shartnomada belgilangan maqsadlar uchun samarali sarflanishini taʼminlash, shuningdek Internet tarmog‘idagi o‘zining rasmiy veb-saytlarida yoritish bo‘yicha imkon qadar barcha choralarni ko‘rishlari mumkin.
§ 7. “Sirli mijoz” tadbiri
29. Agentlik va hududiy filiallar tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati va tezligini, shuningdek haqqoniy va ochiq tanlov natijalariga ko‘ra tanlab olingan mustaqil tashkilotlar tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga moyilligini aniqlash uchun xizmatlarning haqiqiy oluvchilari sifatida alohida nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Davlat xizmatlari, shu jumladan Agentlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida jalb etilgan mustaqil tashkilotlar bunday xizmatlarning sifati, muddatlari, shartlarini, shuningdek, agentlik xodimlarining belgilangan axloq qoidalariga, shu jumladan xodimning pora olishga moyilligini belgilab boradi.
30. Agentlik va hududiy filiallar o‘tkazilgan “sirli mijoz” tadbirlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadilar va korrupsiya xavfi aniqlangan taqdirda xizmat tekshiruvi tayinlash haqidagi tashabbus bilan chiqadilar.
§ 8. Agentlik va hududiy filiallar faoliyatini videotasvirga olish va translyasiya qilish
31. Agentlik va hududiy filiallar xodimlarining faoliyatini nazorat qilish uchun Agentlik va hududiy filiallar xonalarida video va audio yozuv kameralari joylashtiriladi, ularning yozuvlari Agentlik va hududiy filiallarning masʼul xodimlari tomonidan doimiy ravishda kuzatib boriladi.
32. Agentlik va hududiy filiallarning rasmiy veb-saytlariga korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan ayrim jarayonlar joylashtiriladi (xususan, xodimlar bilan suhbat o‘tkazish va ularni sinovdan o‘tkazish, komissiya yig‘ilishlari va boshqalar).
§ 9. Ichki hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
33. Ichki hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda hujjatlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon yaratadigan korrupsiyaviy omillar kelib chiqishini oldini olish, aniqlash va istisno qilish maqsadida ham ekspertizadan o‘tkaziladi.
§ 10. Agentlik va hududiy filiallar xodimlariga maslahat berish
34. Agentlik va hududiy filiallar xodimlarida korrupsiyaga qarshi amaldagi qonun hujjatlari talablari, ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati qoidalari yoki Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi boshqa chora-tadbirlar va tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday savollar bo‘lsa, ular o‘zlarining tarkibiy bo‘linmasi rahbari va (yoki) “Komplayens va ichki nazorat” bo‘limiga hamda “71 202 44 11” ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.
5-bob. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish
35. Agentlik va hududiy filiallar xodimlari va boshqa shaxslar, agar ular Agentlik xodimlari xatti-harakatlarining qonuniyligi va (yoki) odob-axloqqa muvofiqligi to‘g‘risida shubha tug‘ilsa, korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlari sodir etilishiga gumon yoki sodir etilganligi faktlari bo‘lsa, ular bu haqda Agentlikning foydalanish mumkin bo‘lgan aloqa kanallari orqali xabar berishlari mumkin.
36. Agentlik va hududiy filiallar o‘z vakolatlari va mavjud imkoniyatlari doirasida huquqbuzarlik to‘g‘risida ishonchli maʼlumot bergan shaxsning maxfiyligini taʼminlaydilar (qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
37. Agentlik va hududiy filiallar o‘z xodimlarining manfaatlarini himoya qiladilar va qasos olishga qaratilgan harakatlarga, shu jumladan ishdan bo‘shatish, lavozimni pasaytirish, kamsitish, bosim o‘tkazish, agentlik tizimining boshqa xodimlarining shubhali harakatlari yoki ular tomonidan ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatining korrupsiyaga qarshi talablarini buzish ehtimoli haqida xabar bergan shaxslarni taʼqib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini kafolatlaydilar.
38. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlarni quyidagi aloqa kanallari orqali berish mumkin:
“71 202 44 11” telefon raqami hamda mehnat organlari va tasarrufiy tashkilotlar tomonidan o‘rnatilgan boshqa telefon raqamlar;
Agentlikning “t.me/migratsiyaagentligi” Telegram kanali;
Agentlikning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan shakllar;
Agentlik va hududiy filiallarning elektron pochta manzillari;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqni muhofaza qilish organlariga.
39. Agentlik tizimining aloqa kanallariga kelib tushgan barcha xabarlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari hamda Agentlik va hududiy filiallarning ichki hujjatlariga muvofiq Agentlik tizimining masʼul bo‘linmasi yoki xodimi tomonidan xolis tarzda va o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi.
40. Anonim ravishda (faqat Agentlik va hududiy filiallarning Telegram kanallari (boti) orqali) yuborilgan xabarlar ham ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi. O‘z nomini oshkor qilinmasligini istagan ariza beruvchi bunday holatda quyidagilarni tan oladi:
Agentlik va hududiy filiallar xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan bog‘lana olmaydi;
Agentlik va hududiy filiallar zarur qo‘shimcha maʼlumotlarni olishning imkoniyati yo‘qligi sababli xabarni to‘liq va har tomonlama tekshirishni amalga oshira olmaydi.
-
Agentlik va hududiy filiallar tomonidan kelib tushgan xabarga javob berish uchun murojaat etuvchi shaxs bilan quyidagi holatlarda bog‘lanilmaydi:
to‘liq va keng qamrovli tekshirish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha maʼlumotlarning yo‘qligi;
Agentlik va hududiy filiallar xodimining qasddan yolg‘on maʼlumotni taqdim etishi ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosatini buzilishi va axloqsiz xulq-atvorning namunasi sifatida qaralsa, bunday shaxs esa O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va Agentlikning ichki hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.
42. Agentlik tizimida korrupsiya faktlari to‘g‘risida vijdonan xabar bergan Agentlik va hududiy filiallarning xodimlari, agar bu maʼlumotlar tasdiqlangan bo‘lsa, ichki hujjatlarga muvofiq rag‘batlantiriladi.
6-bob. Qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirishlar kiritish tartibi
43. Ushbu Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati quyidagi hollarda qayta ko‘rib chiqilishi va tuzatilishi kerak:
amaldagi Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati va tartib-taomillarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqaradigan holda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi o‘zgarganda;
korrupsiyaga qarshi kurashish samarasiz nazorat va tartib-taomillar aniqlanganda hamda Agentlik va hududiy filiallar faoliyatida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirishga zarurat tug‘ilganda;
Agentlik tizimining tashkiliy tuzilmasi hamda (yoki) Agentlik va hududiy filiallar tomonidan o‘z vazifalarini bajarishi xususiyatlari va boshqalar o‘zgarganda.


