Tojikistonda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo'lib o'tmoqda
2024-04-17 17:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Dushanbe shahrida 15-20 - aprel kunlari o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida “O‘zbekiston va Tojikiston ijodkor va ilmiy ziyolilari anjumani” – o‘zbek va tojik san’at ustalari ishtirokida Do‘stlik konserti, “O‘zbek kinosi kunlari”, O‘zbekiston teatrlarining Tojikistonga gastrollari, O‘zbek Milliy maqom san’ati markazi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli konserti tashkil etilishi rejalashtirilgan.
17-aprel kuni O‘zbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida bir guruh madaniyat va san’at namoyandalari, jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov Dushanbe shahriga yetib kelishdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq artisti, Tojikistonda xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Usmonova, O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, Ilyos Arabov, Ma’suma Boltaboyeva, Oygul Nodirova va boshqa san’atkorlar Do‘stlik konsertida O‘zbekiston nomidan qatnashadi.







