Olimpiya va jahon chempionlari - Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Hasanboy Do‘smatov teatrda
2024-04-09 22:00:00 / Yangiliklar

9-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Rahmatjon Ro‘zioxunov boshchiligidagi boks bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari – olimpiya va jahon chempionlari Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Hasanboy Do‘smatov, shuningdek, umidli yosh sportchilar O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrif buyurishdi.
Shu kuni teatrda “Adolat fasli” ("Amir Temur") spektakli namoyish etildi. O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda bosh qahramon – Amir Temur obrazini O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev gavdalantirdi.
Shuningdek, spektaklda O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Kubayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hamid Toshpo‘latov, Farhod Abdullayev, Qahramon Abdurahimov, Behzod Muhammadkarimov ham rol ijro etishgan. Sahna asari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.






