O‘zbekistonda musiqa terapiya assotsiatsiyasi tashkil etiladi
2025-10-15 12:20:00 / Yangiliklar

Avvalroq Yunus Rajabiy nomidagi O‘zMMSI rektori v.b. Eldor Shermanov hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Kamoliddin Ishanxo‘jayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi.
Muloqot davomida institut tashabbusi bilan ilgari surilayotgan bir qator istiqbolli loyihalar, ularning ijtimoiy-madaniy ahamiyati va amaliy natijadorligi yuzasidan fikr almashildi. Mazkur yo‘nalishlarda nodavlat sektor bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, “O‘zbekiston musiqa terapiya assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasini tashkil etish yuzasidan takliflar ma’lum qilingan edi.
Kuni kecha, rektor v.b Eldor Shermanov boshchiligida “O‘zbekistonda musiqa terapiya sohasini rivojlantirish va uning zamonaviy tibbiyotdagi o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar doirasida “O‘zbekiston musiqa terapiya assotsiatsiyasi” jamoat birlashmasining tashkil etilishi haqida e’lon qilindi. Majlisda ishtirok etganlar ushbu tashabbusni ma'qullashib, o‘z fikr va mulohazalarini bayon etishdi.
Shu bilan birga, majlisda tashkilotning ustavi, boshqaruv tizimi va nazorat-taftish komissiyalari tasdiqlandi.
Ushbu tashkilot mamlakatda musiqa terapiyasi yo‘nalishini rivojlantirish, mutaxassislarni birlashtirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi nazarda tutilgan.





