Vazir “Ma’naviy maydon” konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
2025-09-29 18:40:00 / Yangiliklar

Bugun, 29-sentyabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Ma’naviy maydon” konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Konsepsiyada sohada ma’naviy va ma’rifiy ishlar samaradorligini hamda davlat tilini faoliyatda to‘g‘ri qo‘llanilishi, bo‘yicha yangi tashabbuslar va o‘ziga xos g‘oyalarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, takliflarda vazirlik tizimida milliy qadriyatlarga sadoqat va davlat tilini yuksak darajada bilish hamda qo‘llashga yo‘naltirilgan tashabbusli konsepsiyani amalga oshirish masalalari asosiy o‘rinni egallagan.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jamshidbek Niyazbekov konsepsiyadagi ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy, ijtimoiy, davlat tili mavqeyini oshirish yo‘nalishlar hamda jihatlari yuzasidan taqdimot qildi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi yangi mexanizmlardan foydalanilishi ma’lum qilindi, ya’ni:
- “Ma’naviyat liderlari 100 ligi”ni, “Ma’naviyat lideri” sertifikatini, “Yilning faol ma’naviyat lideri” nominatsiyasi ta’sis etiladi;
- vazirlik markaziy apparati va tizim xodimlarida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish bo‘yicha “Vazir tavsiya etadi” rukni ostida badiiy adabiyotlar tavsiya etiladi hamda insholar tanlovi e’lon qilinadi hamda ko‘chma kutubxonalar tashkil etiladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida vazirlik tizimida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar faolligi oshishi va ma’naviy tadbirlarga jalb qilish orqali ichki korporativ madaniyat mustahkamlanishi, madaniyat va san’at sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimi rivojlantirilishi, xodimlar savodxonligi takomillashtirilishi, xodimlarda yangi g‘oyalar, loyihalar, ijodiy yondashuvlarga qiziqish ortishi, fikr hamda tajriba almashinuvi faollashishishiga erishilishi ma’lum qilindi.



