Qozon shahrida "Kazan Digital week 2025" forumi bo‘lib o‘tdi
2025-09-22 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 16-19-sentyabr kunlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Nodirbek Sayfullayev hamda Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa san’ati instituti rektori v.b Eldor Shermonov bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasi Qozon shahrida xizmat safarida bo‘lib, "Kazan Digital week 2025" forumida ishtirok etishdi.
Forumda:
– Aqlli transport tizimlari;
– Davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar;
– Raqamli sanoat 4.0;
– Ta’limda raqamli texnologiyalar;
– Madaniyatda raqamli texnologiyalar;
– Yangi davr kiberxavfsizligi;
– Fintex ekotizimi;
– Biznesga integratsiyalashgan innovatsiyalar;
– Sog‘liqni saqlash va tibbiyotda raqamli texnologiyalar;
– Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.
Tadbirda Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov ishtirok etib, nutq so‘zladi hamda sun’iy intellekt texnologiyalari rivoji, ularning ta’lim, ishlab chiqarish va madaniyat sohalarida qo‘llanilishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Forum doirasida dastlab delegatsiya a’zolari “Kazan Expo” majmuasida tashkil etilgan startaplar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirib, zamonaviy texnologiyalar, ishlab chiqarishdagi innovatsiyalar, ta’lim va san’at yo‘nalishidagi yangi ishlanmalar, sun’iy intellekt sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishildi.
Tadbir davomida Kazan davlat madaniyat instituti rektori, professor Roza Ahmadiyeva ushbu oliygohning startap loyihalari haqida ham ma’lumot berib o‘tdi.
Ko‘rgazmadan so‘ng yalpi majlis o‘tkazildi. Majlisda so‘zga chiqqanlar forum ishtirokchilarini muborakbod etib, sun’iy intellekt texnologiyalari rivoji, ularning ta’lim, ishlab chiqarish va madaniyat sohalarida qo‘llanilishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
So‘ngra forumda ishtirok etayotgan san’at va madaniyat ta’limiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida “Ijodiy oliygohning raqamli ta’lim muhiti” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda, Nodirbek Sayfullayev "Madaniyat va san’at sohasiga kadrlarni tayyorlashda zamonaviy axborot texnologiyalari" mavzusida hamda Eldor Shermonov "O‘zMMSI: kadrlar salohiyati, ilmiy imkoniyatlar va san’at sohasi mutaxassislarini tayyorlashdagi o‘rni" mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza va taqdimotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning raqamli texnologiyalar orqali madaniy merosni saqlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslari, shu bilan birga, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining elektron kutubxona, masofaviy ta’lim va zamonaviy o‘quv-uslubiy imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Raqamli texnologiyalar, masofaviy ta’lim, onlayn konferensiyalar, virtual muzeylar va raqamli platformalar madaniy merosni saqlash, uni keng jamoatchilikka yetkazish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani ko‘rsatilib, madaniyat va san’at sohasi uchun zamonaviy, raqobatbardosh va ijodiy kadrlar tayyorlashning asosiy poydevoriga aylangani ta’kidlandi.
Konferensiyada ma’ruzalar shuningdek, bugungi kunda san’at va madaniyat ta’limi sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlar va joriy etilayotgan yangiliklar atroflicha muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari Qozon Federal universitetiga qarashli Filologiya va madaniyatlararo kommunikatsiya instituti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Xususan, ushbu institutda tashkil etilgan “Bilim” muzeyini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, Tatariston Milliy kutubxonasida ham bo‘lib, kutubxona direktori Madina Timerzyanova bilan uchrashildi. Ushrashuvda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda kutubxona o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xususan, kelgusida Kutubxona-axborot faoliyati kafedrasi bilan birgalikda konferensiyalar, mahorat darslari va talabalar amaliyotini tashkil etish loyihasini muhokama qildilar. Shu bilan birga, kutubxona faoliyati bilan tanishdi.
Safar davomida Galiaskar Kamal nomidagi Tatar davlat akademik teatriga borildi. Ushbu teatr binosi zamonaviy arxitektura yutuqlaridan foydalangan holda bunyod etilgan bo‘lib, 2025-yil yanvarda foydalanishga topshirilgan. Unda tatar milliy an’analari o‘z aksini topgan. Teatr 4 ta tomosha zaliga ega. Umumiy sig‘imi 1 347 kishini tashkil etadi. Teatr rahbariyati bilan kelgusi ijodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.







