Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti 5 yoshda!
2025-09-03 13:30:00 / Yangiliklar
O‘zbek milliy musiqa san’ati tarixida muhim voqea. Qisqa muddat davomida maqom va baxshichilik san’ati sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishda, ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etishda, shuningdek, soha mutaxassislarining ilmiy salohiyatini yanada oshirishda yuqori natijalarga erishildi. Shu bilan birga zamonaviy ta’lim va milliy musiqa san’ati bilan uyg‘unlashgan mazkur oliygoh rivojlanib borayotgan nufuzli maskanga aylandi.
Bugun, 3-sentabr kuni Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil topganiga 5 yil bo‘lganligi hamda yangi o‘quv yili ochilish marosimi munosabati bilan institut hududida tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda Madaniyat vazirligi, tizim tashkilotlari, xorijiy mehmonlar hamda dargohning barcha professor o‘qituvchilar, qolaversa, barcha ijodkor talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda Koreyaning Cheorvon tumani hokimi Lee Hyujong institut professor o‘qituvchilari va talabalarini yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda institut faoliyatiga 5 yil to‘lganligi, qisqa davr ichida erishilgan yutuqlar bilan qutlab, institutning yangi akademik yildagi rejalari, vazifalari haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, institut rektori Eldor Uralovich tomonidan yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor yo‘nalishlar, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha strategiyalar, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish rejasi, talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlar, jumladan, zamonaviy o‘quv auditoriyalari, kutubxona, axborot-resurs markazlari va talabalar turar joyidagi yangiliklar haqida barcha tashrif buyurgan mehmonlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniy-ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda Koreya Respublikasining Kanvondo viloyati Cheorvon tumani hokimligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir doirasida institut katta zalida qo‘shma konsert dasturi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mashhur Cheorvon o‘g‘il-qizlar xor jamoasi bilan bir qatorda, O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva hamda O‘zbekiston xalq baxshisi Feruzbek Narmatov ishtirok etib, tomoshabinlarga yuksak badiiy kayfiyat ulashdi.
