Tojikistonda “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” tarixiy badiiy filmining suratga olish ishlariga start berildi
2025-08-05 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Avvalroq Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasi bilan “O‘zbekfilm” kinokonserni” DUK va “Tojikfilm” DM hamkorligida “Tirik tarix” dasturi doirasidagi qo‘shma loyiha hisoblangan “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” filmi suratga olinishi rejalashtirilganligi haqida xabar berilgan edi.
Kuni kecha agentlik direktori Shuhrat Rizayev boshchiligidagi o‘zbekistonlik delegatsiya Tojikistonda xizmat safarida bo‘ldi. Tashrif doirasida “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” tarixiy-badiiy filmining suratga olish jarayoniga rasmiy tarzda start berildi.
Mazkur filmda buyuk mutafakkirlar Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi chuqur ustoz-shogirdlik munosabatlari, ikki buyuk shaxsiyatning do‘stligi, shuningdek, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi azaliy yaqinlik, qardoshlik rishtalari badiiy aks ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” filmi “Tirik tarix” dasturi doirasidagi qo‘shma loyiha hisoblanadi va u o‘zbek-tojik madaniy hamkorligining yana bir yorqin namunasi bo‘lishi kutilmoqda.





