Milliy cholg‘ularni o‘rgatish bo‘yicha mobil ilova ishga tushiriladi
2025-08-01 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 1-avgust kuni Madaniyat vazirligida milliy musiqa cholg‘ularini o‘rgatishga mo‘ljallangan mobil ilovani takomillashtirish masalalari yuzasidan ishchi uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidov, vazirlik markaziy apparati vakillari hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy san’ati instituti mutaxassislari ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida ilovaning mazmun-mohiyatini yanada boyitish, foydalanuvchilar uchun qulaylik va imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek milliy musiqa merosini keng ommaga yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur ilova orqali foydalanuvchilarga o‘zbek milliy cholg‘ulari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni qulay shaklda taqdim etish, yoshlar o‘rtasida milliy musiqaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish maqsad qilingan.



