Polshada O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish taklif etildi
2024-03-15 20:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov Polsha Madaniyat va milliy meros vaziri o‘rinbosari Bojena Jelazovska boshchiligidagi rasmiy delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat vakillari madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etayotgani e’tirof etildi.
Xususan, so‘nggi yillarda Urganchda tug‘ilgan Polsha xalq artisti Anna German xotirasiga bag‘ishlab har yili konsert o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari Polshada bo‘lib o‘tadigan tanlov va festivallarda muntazam qatanashib kelmoqda. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda “Poloniya” o‘zbek-polyak birlashmasi bilan hamkorlikda turli tanlov hamda festivallar o‘tkazib kelmoqda.
Avazxon Tadjixonov O‘zbekiston tomoni Polsha bilan ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, san’at va madaniyat vakillari, mutaxassis va talabalarni ushbu davlatda o‘qishga, malaka oshirishga yuborish, ijodiy OTM, teatrlar, musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlarida mahorat darslari tashkil etish uchun pedagog va san’atkorlarni almashinuv loyihalarini yo‘lga qo‘yish, madaniyat va san’at sohasi vakillarining tajriba almashishi uchun har ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokida festival, uchrashuv va forumlar ko‘rinishidagi qo‘shma ijodiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish kabi takliflarni ilgari surdi.
Shu bilan birga vazir o‘rinbosari polyak raqs jamoalarini shu yilning 25–30-aprel kunlari Xivada bo‘lib o‘tadigan “Lazgi” xalqaro festivaliga, mehmonlarni esa 26–28-iyun kunlari Zominda o‘tkaziladigan “Maqom” xalqaro san’at forumiga taklif qildi.
Bojena Jelazovska O‘zbekiston tomoniga iliq qabul va samimiy, konstruktiv muloqot uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida u ham Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida va respublikaning turli hududlarida SSSR davrida repressiyaga uchragan polyaklarning azob-uqubatlaridan hikoya qiluvchi ko‘rgazmalar tashkil etish istagida ekanini ma’lum qildi. Agar O‘zbekiston tomoni ham ayni mavzusidagi ko‘rgazmani o‘z vatanida o‘tkazishni istasa, ushbu tadbirni Varshavadagi yiliga bir milliondan ortiq odam tashrif buyuradigan mashhur muzeyda yuksak darajada tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Jelazovska xonim Polshada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ikki davlat folklor jamoalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi qator takliflarni ilgari surdi.




