O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alibek Kabduraxmonov O‘zbekistonda yagona bo‘lgan teatrga rahbar bo‘ldi
2025-07-29 21:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 29-iyul kuni Madaniyat vazirligi binosida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi. Yig‘ilishda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Elmurod Najimov, vazirlik markaziy apparati vakillari hamda hududiy studiyalardan soha vakillari ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonovning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, teatr direktori lavozimiga tayinlangan Alibek Kabduraxmonov jamoaga tanishtirildi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov lavozimga tayinlangan Alibek Kabduraxmonovning faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, o‘z bilim va iqtidorini soha rivoji uchun safarbar etishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov ham lavozimga tayinlangan Alibek Kabduraxmonovni tabriklab, faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.






