Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani koreys tiliga tarjima qilindi
2025-07-25 11:00:00 / Yangiliklar

Xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish yo‘lida navbatdagi muhim qadam tashlandi. Koreya Respublikasining Komyong universiteti professori Kim Chung Sun tomonidan o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani koreys tiliga tarjima qilindi.
Mazkur asarni koreys kitobxonlariga yetkazish uchun tarjimon ikki yarim yil davomida chuqur izlanishlar olib bordi. Tarjimani yanada aniq va mazmunli qilish maqsadida, u 2025-yil 21–31-mart kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent, Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida bo‘lib o‘tgan roman voqealari manzaralari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, u Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan tarjima jarayoni bo‘yicha fikr almashdi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, 2025-yil 30-iyun kuni Koreya Respublikasining Seul shahrida roman taqdimotiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat parlamenti, hukumat, vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus va faol vatandoshlar ishtirok etdilar.
Kitob haqida, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Qadrli koreyalik kitobxonlar!
O‘zbek romanchiligining asoschisi, atoqli adib Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani koreys tilida nashr etilishidan behad mamnunmiz.
Bu asar nafaqat o‘zbek adabiyotining yorqin namunasi, balki dunyo kitobxonlarini ilhomlantirib, hayajonga solib kelayotgan haqiqiy madaniy qadriyat ramzi hamdir.
Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan.
Uning asarlari bugungi kunda ham turli madaniyatlar, xalqlarni bir-biriga bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib kelmoqda.
"O‘tkan kunlar" asarini mutolaa qilar ekansiz, o‘zbek xalqining yaqin tarixi, milliy xarakteri, tili, an’ana va urf-odatlari, kechinmalari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘lasiz.
Mazkur kitobning koreys tiliga tarjima qilinishi, avvalo, o‘zbek xalqiga va adabiyotiga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasidir. Qolaversa, bu ezgu tashabbus mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar va do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishonchim komilki, ushbu asar koreys kitobxonlariga badiiy qadriyat bilan birga, O‘zbekiston madaniyati va tarixini yaxshiroq tushunishlariga yaqindan yordam beradi.
O‘zining yuksak tarjimonlik mahorati tufayli asarning asl mazmuni, mohiyati va undagi muhitni koreys kitobxonlariga etkazishdagi hamda ularni o‘zbek madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishtirishdagi mashaqqatli mehnati uchun professor Kim Chung Sunga minnatdorlik bildiraman.
Barcha koreys kitobxonlariga maroqli mutolaa tilayman.
Umid qilamanki, "O‘tkan kunlar" asari koreys o‘quvchilarining nafaqat kitob javonlaridan, balki qalbidan ham munosib joy oladi.
Hurmat bilan, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.”

