Avstriyalik mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2024-03-07 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Avstriya Fanlar Akademiyasining Fonogrammarxivi direktori, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Kerstin Klenke, shuningdek, Avstriya FA ilmiy xodimi, nomoddiy madaniy meros bo‘yicha hamda mualliflik huquqi masalalari bo‘yicha mutaxassis Mariya Qodiriy bilan uchrashdi.
Kerstin Klenke O‘zbekiston madaniy siyosati bo‘yicha uzoq yillar izlanishlar olib borgan, dissertatsiya yoqlagan bo‘lib, u mamlakatimizdagi nomoddiy madaniy merosni saqlash masalasi jonkuyarlaridan biri hisoblanadi.
Kerstin Klenke tashabbusi bilan O‘zFA San’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti fondida saqlanayotgan noyob nomoddiy madaniy meros namunalarini raqamlashtirish bo‘yicha katta loyihaga start berildi. Buning uchun Folksvagen fondidan grant yutildi. Shuning doirasida olimlar, mutaxassislar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, Yevropadan O‘zbekistonga noyob audioyozuvlarni raqamlashtiradigan qimmatbaho asbob-uskunalar keltirilgan.
Uchrashuvda avstriyalik mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi barcha ilmiy muassasalar Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti muvofiqlashtiruvida madaniy meros muhofazasi va targ‘ibotiga oid loyihalar, konferensiya, vorkshop, ko‘rgazma, muayyan masalalar yechimiga qaratilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlar, ilmiy nashrlar, akademik almashinuvlarni tashkil etish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.




