Vazir Ozodbek Nazarbekov Pekindagi xalqaro anjumanda ishtirok etdi
2025-07-11 18:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10–11-iyul kunlari O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Insoniyat sivilizatsiyalari xilma-xilligini asrash – jahon tinchligi va taraqqiyoti uchun” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda 140 ta mamlakat va mintaqadan 600 nafardan ortiq ishtirokchilar, jumladan Xitoy prezidenti Si Szinpin (tabrik xati bilan), Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Yukio Xatoyama, Indoneziyaning sobiq Prezidenti Megaavati Sukarnoputri, Namibiyaning sobiq prezidenti, YUNESKO, xalqaro tashkilotlar, vazirlar, olimlar va madaniy delegatlar ishtirok etdilar.
Xitoy prezidenti Si Szinpin o‘z tabrik xatida barcha davlatlar, katta yoki kichikligidan qat’i nazar, sivilizatsiyalar muloqotida teng huquqli ishtirok etishi lozim, chunki hech bir sivilizatsiya boshqasidan ustun yoki kam emasligini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham mazkur anjumanda o‘z nutqi bilan ishtirok etdi.
“Bugungi dunyoda turli ichki va tashqi omillar xalqlar o‘rtasidagi birdamlikka tahdid solmoqda. Xususan, geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyatlar, resurslar uchun kurash, axborot urushi hamda globallashuv kabi masalalar dunyo xalqlarini tashvishga solmoqda.
Hozirgi zamonda dunyoning turli chekalarida paydo bo‘layotgan yangi turdagi salbiy harakatlar butun insoniyatning ma’naviy-ruhiy kelajagiga tahdid solmoqda.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan zararli kontentlar ma’naviy muhitni zaiflashtirib, odamlar o‘rtasida shubhalarni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, sifatsiz ommaviy madaniyat mahsulotlar madaniy o‘zligimizning qimmatini tushirmoqda hamda jamiyatimizning ma’naviy poydevoriga aylangan insoniy madaniyatga bevosita tajovuz qilayotgan turli urinishlar ham keng tarqalmoqda.
Bunday urinishlarga qarshi faqatgina milliy darajada emas, balki xalqaro hamkorlik asosida javob qaytarishimiz shart deb o‘ylaymiz” – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, anjuman doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov YUNESKOning sobiq Bosh direktori Irina Bokova, ICESCO Bosh direktori Salim Al-Malik, shuningdek, Xitoy madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Pekinda bo‘lib o‘tgan anjuman samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.



