Turkiyada Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkaziladi
2025-07-11 12:30:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda Prezidentimizning alohida e’tibori va sa’y-harakatlari bilan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, xususan, o‘z zamonining ilg‘or namoyandalari bo‘lgan jadid ma’rifatparvarlarimizning hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, asarlarini keng ommalashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 27-dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham bu boradagi muhim tashabbuslardan biridir.
Qarorda qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Аnqara Hoji Bayram Vali universiteti bilan hamkorlikda Turkiyaning Аnqara shahrida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosining turkiy xalqlar tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning 10-iyul kuni ushbu xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish masalalari yuzasidan videokonferensaloqa shaklida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Shohruxmirzo Qodirov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori Durbek Sayfullayev, Аnqara Hoji Bayram Vali universiteti professorlari Vali Savash Yelok hamda Zaynobiddin Аbdirashidov, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov o‘z taklif va mulohazalari bilan ishtirok etdi.
Аnjumanda turkiy davlatlarning katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan va Turkiston jadidlik harakati deb nom olgan tarixiy hodisani har tomonlama o‘rganib kelayotgan bir qator olimlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir doirasida Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma hamda spektakl namoyishini tashkil etish ko‘zda tutilayotgani bildirildi.
Shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiyning tanlangan asarlarini turk tiliga tarjima qilishga kirishilgan bo‘lib, u TURKSOY tomonidan to‘plam holida nashr etilib, tadbirda taqdim qilinishi kutilmoqda. Bu turkiy xalqlarning ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz merosi bilan yanada yaqinroq tanishishiga keng imkoniyat yaratadi.
Yig‘ilishda shu kabi qator takliflar va tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.





