Madaniyat vazirligi tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslarni kasblarga jalb etish va bandligini ta’minlashga qaratilgan "Aktyor" loyihasining amalga oshirilishi kutilmoqda
2025-07-10 14:30:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirligi tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslarni yangi yo‘nalishdagi kasblarga jalb qilish orqali bandligini ta’minlashga erishish yuzasidan "Aktyor" loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Kuni kecha vazirlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan "Aktyor" loyihasi ko‘rib chiqilib, joriy etilishi muhokama etildi.
Muhokamada O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktrisa Ra’no Shodiyeva ishtirok etib, o‘z fikr va mulohazalarini hamda takliflarini ma’lum qildi.
“Ushbu loyiha imkoniyati cheklangan yoshlarni kasbga tayyorlash va shu yo‘nalishdagi yoshlar bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etishda ko‘makchi ekanligi bilan ahamiyatlidir” - deydi Ra’no Shodiyeva.
Loyihaning asosiy maqsadi imkoniyati cheklangan shaxslarni zamonaviy kasb va mutaxassisliklardan biri "Aktyorlik" kasbiga o‘qitiladi. Dastlabki jarayonda bilim va tajriba orttirish uchun yetarli shart-sharoit yaratishga koʻmaklashiladi. Shuningdek, vazirlik tizimidagi tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ishga joylashishga va ish sharoitiga moslashishga yordam beriladi. Ishga joylashgandan so‘ng ham kuzatuv tashkil etilib, faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashiladi. Eng muhimi yaratilgan aktyorlik san’atini rivojlantirish bo‘yicha shaxsiy reklamasini tashkil etishda ham koʻmaklashiladi. Bu albatta imkoniyati cheklangan shaxslar uchun juda katta imkoniyatdir.
Yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan yig‘ilganlar o‘z takliflarini bildirishib, ushbu loyiha avval amalga oshirilmaganligi va ushbu loyihani amalga oshirilishi ko‘plab imkoniyati cheklangan iste’dodlarni yuzaga chiqarishda alohida o‘rin tutishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktrisa Ra’no Shodiyeva ushbu loyihani rivojlantirishda beminnat ko‘mak berishini ma’lum qilib, vazirlik boshlagan "Aktyor" loyihasini qo‘llab-quvvatlashligini ma’lum qildi.




