Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyda o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi
2025-07-09 20:00:00 / Yangiliklar
Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 22-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Bugun, 9-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyda istiqomat qilib, ta’lim olayotgan, Xitoyning turli sohalarida mehnat qilib ish faoliyatini olib borayotgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov hamda O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyevlar ishtirok etdilar.
Vazir bilan uchrashuv davomida Xitoy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar tomonidan mamlakatimiz madaniyati va urf-odatlarini yanada kengroq targ‘ib qilish lozimligi, shuningdek, milliy urf-odatlarimiz, gastronomik salohiyatimiz hamda tariximizni xitoylik mahalliy aholi orasida keng targ‘ib qilish taklifi bildirildi.
Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining yoshlarga qaratayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan minnatdor ekanliklari ma’lum qilindi.
Uchrashuvda Madaniyat vazirligi markaziy apparati vakillari ham onlayn qatnashishdi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlarimiz uchun konsert dasturi namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, Xitoyda 3 mingga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar ta’lim olib mehnat qilishmoqda.
