Tsindaoda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyning madaniyat va turizm vaziri bilan uchrashdi
2025-07-09 15:55:00 / Yangiliklar
Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 22-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Bugun, 9-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida, so‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari tashabbusi bilan madaniy sohadagi hamkorlik izchil rivojlanayotganligi, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuv kengayib borayotganligi, xususan: 2024-yilda Xitoyda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, “Xitoy yangi yili” (Chun-jie) bayrami munosabati bilan tadbirlarning tashkil etilganligi, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikka bag‘ishlangan “Dengiz va quruqlik raqsi” gala-konsertining bo‘lib o‘tganligi, “Sharq taronalari”, “Lazgi”, “Maqom”, “Baxshi” kabi xalqaro festival va anjumanlarda Xitoydan ijodiy jamoalar muntazam ishtirok etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Chongsin shahrida bo‘lib o‘tayotgan ShHT kinofestivalida o‘zbek aktrisasi Ra’no Shodiyeva “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgani va oliy mukofot bilan taqdirlangani bilan Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni samimiy muborakbod etib, o‘zbek kinosi ham rivojlanayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama madaniy hamkorlikni rivojlantirish doirasida bir qator takliflar ilgari surildi:
Xitoy ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etishda katta tajribaga ega. Ommaviy madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish maqsadida joriy yilda o‘zbekistonlik rejissyorlar uchun xitoylik rejissyorlar va ommaviy tadbirlar tashkilotchilarining uchrashuvlari hamda mahorat darslarini tashkil etish;
2025-yil avgust-sentyabr oylarida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi doirasida global xalqaro ko‘rgazmada Xitoy muzeylari va madaniyat muassasalarining Markaziy Osiyo tarixiga oid eksponatlar bilan ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishi so‘raldi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda kechdi.
