Vazirlik ishchi guruhi tomonidan Jizzax va Sirdaryoning madaniyat sohasi faoliyati tanqidiy o‘rganildi
2025-07-08 19:00:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligidagi vazirlikning ishchi guruhi tomonidan Jizzax va Sirdaryo viloyati madaniyat boshqarmalari hamda ushbu hududdagi madaniyat muassasalari faoliyati tanqidiy o‘rganildi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida Madaniyat vazirligining sayyor majlislari bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan madaniyat muassasalari rahbarlari hamda xodimlariga tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Jumladan, Jizzax viloyatida boshqarmaning ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bosh mutaxassisiga, 1, 2, 3, 4, 5, 8, 9, 11, 12, 13, 14, 15, 18, 19-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktorlariga, viloyat musiqali drama teatri direktoriga hamda Do‘stlik, Sharof Rashidov, G‘allaorol va Zarbdor tumanlari hamda Jizzax shahar madaniyat bo‘limi mudirlariga, jami 22 nafar rahbar va xodimlarga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i hamda Matbuot xizmati va raqamlashtirish bo‘yicha bosh mutaxassisni ishda qolish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shu qatorda, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri direktoriga, Boyovut tumani madaniyat bo‘limi badiiy rahbari, Sardoba tumani badiiy rahbari, Guliston shahar madaniyat bo‘limi mudiri va badiiy rahbariga, 7-son va 9-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktorlari hamda 7-son va 15-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktorlari o‘rinbosarlariga, jami 9 nafar rahbar va xodimlarga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash choralari ko‘rildi.
Shu bilan birga, Jizzax va Sirdaryo viloyatidagi madaniyat muassasalari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli madaniyat muassasalari rahbarlari va xodimlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Jizzax va Sirdaryo viloyatidagi madaniyat muassasalari xodimlarining ijro intizomi va axborot xavfsizligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ularga vazirlik markaziy apparatining mas’ul xodimlari biriktirilishi ta’minlandi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu amaliy ishlarni davom ettirish maqsadida reja-grafik tuzgan holda hududlardagi barcha madaniyat muassasalari faoliyatini ko‘rib chiqish hamda natijalari yuzasidan tegishli choralar ko‘rish belgilab olindi.
Eslatib o‘tamiz, vazirlik ishchi guruhining hududlardagi o‘rganishlari davom etadi.









