Cho‘ponlar haqidagi film premyera qilindi
2025-07-01 13:45:00 / Yangiliklar
Kuni kecha O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Art-zamon media” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Cho‘liq” badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Agentlik direktori maslahatchisi Sayfulla Rajabov, kinoijodkorlar, yurtdoshlarimiz hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Shuhrat Rizayev ushbu filmning mazmuni va jamiyatdagi ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritdi.
Film o‘z ayolini izlayotgan yosh yigitning ulg‘ayish jarayoni, ota-bola o‘rtasidagi turfa qarashlar, cho‘l hayotining og‘ir sinovlari, do‘stlik va ustoz-shogird munosabatlari, shuningdek, san’at va ilk sevgi orqali kechinmalarning ifodalanishi haqida hikoya qiladi.
Ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Jamoliddin Qo‘ziboyev, postanovkachi operator Umid Malikov, postanovkachi rassomlar Jamoliddin Qo‘ziboyev, va Husaynboy Eshniyozov, kartina direktori Shohrux Ne’matov.
“Filmda ko‘pgina professional aktyorlar bilan ishlashga harakat qildim. Chunki postanovkalar ancha murakkab, personajlarning ichki dunyosi, hissiyotlari ham nozik tasvirlangan. Suratga olish ishlari bir necha lokatsiyalarda o‘tkazildi, mamlakatimizda ilk bora cho‘ponlarning hayoti, mehnat faoliyati haqida ushbu kinokartina ishlandi. O‘ylaymanki, muxlislar tomonidan iliq kutib olinadi”, dedi film rejissyori Jamoliddin Qo‘ziboyev.
Filmda rollarni Noila Toshkenboyeva, Rustam Karimov, Karim Mirhodiyev, Farhod Abdullayev, Tohir Saidov, Sayyora Yunusova, Feruza Saidova, Farhod Xudoyberdiyev, Sirojiddin Vafoyev, Fotima Rejametova hamda bosh rollarni Ulug‘bek Muhammadkarimov va Sardor Abduhoshimov kabi mahoratli aktyorlar ijro etishgan.
