O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Praga shahrida konsert dasturini namoyish etdi
2025-06-25 17:35:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Chexiya Respublikasining Praga shahrida joylashgan muhtasham “Smetana Hall” zalida O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda, taniqli kompozitorlar A.Dvorjak, S.Raxmaninov, P.I.Chaykovskiylarning durdona musiqiy asarlari muxlislar e’tiboriga havola etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga boshchilik qilgan O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov so‘zga chiqib, ushbu konsert dasturining tashkil etilishi va o‘tkazilishi ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yuksaltirishga hamda ijodkorlar o‘rtasida muloqotni samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuni qayd etish lozimki, 1 200 nafardan ortiq muxlislarni o‘z bag‘riga sig‘dirgan Pragadagi “Smetana Hall” Yevropadagi mashhur musiqa saroylaridan hisoblanib, unda bir qancha taniqli ijodiy jamoalarning konsert dasturlari o‘tkazilgan.
Konsert yakunida muxlislarning olqishi va ular tomonidan chalingan gulduros qarsaklar sadosi chin ma’noda konsert dasturi yuksak badiiy saviyada bo‘lib o‘tganligini ko‘rsatdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu konsert dasturidan so‘ng, Germaniya, Shveytsariya kabi mamlakatlarining musiqiy prodyuserlari tomonidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar bildirildi.



