Dog‘istondagi teatr sahnasida “Uydagi gap ko‘chada” asari asosida spektakl sahnalashtirildi
2025-06-25 10:20:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Dog‘iston Respublikasidagi Ozarbayjon Davlat drama teatrida o‘zbek dramaturgi Qo‘chqor Norqobilning “Uydagi gap ko‘chada” asari asosida spektakl sahnalashtirildi.
Kuni kecha Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Farhod Boynazarov tomonidan yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan ushbu komedik spektakl premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Spektakl ozarbayjon tilida, rus subtitrlar bilan, haqiqiy o‘zbekona milliylikni uyg‘unlashtirilgan holda namoyish etildi. Spektaklni sahnalashtirish jarayonida rejissyor Farhod Boynazarov asarning g‘oyasi va maqsadini ochib berishda o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari, urf-odatlarini uyg‘unlashtirish orqali, ozarbayjon ijodkorlari uchun noan’anaviy uslubda mahorat bilan yondashgan.
Derbent shahar Xalq nazorati qo‘mitasi raisi, shahar kengashi deputati Susanna Mirzaxonova-Feyziyeva, Derbent shahar Madaniyat bo‘limi boshlig‘i Samila Nadjafova, Derbent markaziylashtirilgan kutubxona tizimi direktori Diana Aliyevalar ishtirok etib, asar haqida iliq fikrlar bildirishdi.
Soha mutaxassislari asar haqida fikr bildirar ekan, o‘zbek rejissyori tomonidan Ozarbayjon Davlat drama teatrida ilk bor spektakl sahnalashtirilayotganligi, ushbu hamkorlik teatr ijodiy faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, ilk premyeradanoq spektaklning tomoshabinlar e’tiroflari va olqishlari bilan qabul qilinishi – yuksak mahorat bilan sahnalashtirilgan ushbu asar uzoq yillar teatr repertuaridan joy egallab turishiga zamin yaratishini ta’kidlab, Farhod Boynazarovning rejissyorlik mahoratiga yuqori baho berishdi.
Ozarbayjon Davlat drama teatri direktori Firdousi Askerov tomonidan Farhod Boynazarovga betakror asar uchun minnatdorchilik bildirilib, Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. O‘z o‘rnida mahoratli rejissyor ham tomoshabinlarga anshlag uchun, teatr jamoasiga esa professional ijro uchun samimiy minnatdorchilik izhor qildi.
Ma’lumot uchun, ustoz rejissyorlar Bahodir Yo‘ldoshev, Karim Yuldashev, Olimjon Salimov, Nabi Abduraxmonov, Valijon Umarov, Tojimuhammad Isroilovlar an’anasini davom ettirib, yosh rejissyor Farhod Boynazarov Dog‘iston Respublikasida spektakl sahnalashtirdi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Farhod Boynazarov tomonidan Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri, Jizzax viloyati musiqali drama teatri, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri, Samarqand viloyati musiqali drama teatrida soha mutaxassislarining yuqori bahosi va tomoshabin e’tirofiga sazovor bo‘lgan bir qancha spektakllar sahnalashtirilib, bugungi kunga qadar uning ijodiy repertuaridagi spektakllar qator xalqaro tanlov va festivallarda qatnashib, munosib baholanib kelmoqda. Xususan, 2022-yil Qozog‘iston Respublikasi Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan TURKSOY Turkiy madaniyat Xalqaro tashkilotining “TEATRALL” II Xalqaro teatr festivalidagi ishtiroki uchun TURKSOY Xalqaro tashkilotining “Chingiz Aytmatov” nomidagi Xalqaro mukofoti hamda festivalning maxsus sovrini, Qozog‘iston xalq qahramoni, Qozog‘iston xalq artisti Azerbayjan Mambetov nomidagi ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan.






