Londonning eng go‘zal go‘shalaridan biri - Tauer ko‘prigi yaqinida “Uzbek Culture and Food Festival – 2025” bo‘lib o‘tdi
2025-06-23 16:35:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 21-22-iyun kunlari Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi mashhur “Tower Bridge” oldida “Potters Field Park” xiyobonida an’anaviy O‘zbekiston turizmi, madaniyati va milliy taomlari festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda, Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Chustiy Group, Londondagi “OshPaz” o‘zbek milliy taomlari restorani hamda mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, “Uzbekistan Airways” AJ hamkorligida tashkil etilgan festival davomida 100 dan ortiq O‘zbekiston san’at ustalari, madaniyat xodimlari, hunarmandlar, nufuzli dizaynerlar va milliy brend asoschilari, shuningdek, turoperatorlar va oshpazlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi delegatsiyasiga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida mamlakatimiz turizm salohiyatiga va yangi turistik marshrutlarga doir taqdimotlar, taniqli san’atkorlarimizning badiiy chiqishlari, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, milliy liboslar defilesi o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida “Lazgi” raqsi taqdimoti va Xorazm milliy taomlari gastro-festivali ham o‘rin oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston-Britaniya sayyohlik kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida “O‘zbekiston – Buyuk Britaniya” turizm forumi, “Road Show”lar va B2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Festival doirasida, shuningdek, Londonda ilk bor respublikamizning 20 dan ortiq yetakchi eksportyor kompaniyalari ishtirokida "Product of Uzbekistan" savdo yarmarkasi tashkil etiladi. Unda 2 tonnadan ko‘proq O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (sabzavotlar, sarxil mevalar, dukkakli hamda poliz ekinlari) hamda tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarning yirik taqdimotlari o‘tkazildi.
“O‘zbekiston karvoni” ishtirokchilari - taniqli oshpazlar Bahriddin Chustiy va Buyuk Britaniyadagi “OshPaz” kompaniyasi asoschisi Muzaffar Sodiqov tomonidan uch tonnalik o‘zbek palovi tayyorlandi. Ta’kidlash joizki, palov uchun zarur bo‘lgan qozon-o‘choq va osh masalliqlari O‘zbekistondan keltirildi.
“O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlari” festivali yurtimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish, turizm almashinuvini rivojlantirish va ikki tomonlama madaniy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi
https://t.me/uzbektourismofficial/16262








