Samarqandda bolajonlar uchun yana bir spektakl premyera qilinadi
2025-06-23 14:40:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida rejissyor Farhod Mirzayev tomonidan sahnalashtirilgan "Men katta bo‘lsam" spektaklining Madaniyat vazirligi huzuridagi Ixtisoslashgan badiiy-ekspert guruhlari hamda soha mutaxassislari ko‘rigi bo‘lib o‘tdi.
“Men katta bo‘lsam” bolalarni qiziqarli va ibratli voqealar orqali orzu qilishga, mehnat qilishga va bilim olishga rag‘batlantiradi. Asarda Alijon ismli bolaning bilimdan ko‘ra o‘yin va ermakka berilib ketishi, uning orzu-istaklari va mo‘jizali voqealarga duch kelishi yoritiladi. Alijon o‘z istak va odatlarining timsollari bo‘lgan qahramonlar — Istakvoy va Odatvoy bilan duch kelgach, turli kasblarda o‘zini sinab ko‘radi: quruvchi, shifokor va boshqalar. Ammo oxir oqibat har bir kasb uchun bilim, mehnat va mas’uliyat zarur ekanligini anglab yetadi.
Pyesa yorqin sahnaviy holatlar, yumor va o‘yinlar bilan boyitilgan bo‘lib, u bolalarga bilimning qadrini va o‘z orzusiga bo‘lgan ishonchni hech qachon yo‘qotmaslik kerak ekanligini o‘rgatadi.
Shuningdek, hay’at a’zolari tomonidan namoyish etilgan spektaklning yangiliklari va yutuqlari e’tirof etilib, ba’zi bir juz’iy kamchiliklari bartaraf etilgandan so‘ng premyera qilinishiga ruxsat berildi va spektakl qabul qilingan deb topildi.
Ma’lumot uchun, 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan mazkur spektakl yaqin kunlarda spektaklning premyerasi rejalashtirilgan.









