Senat majlisida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi holati muhokama etildi
2025-06-17 23:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vazirligi markaziy apparati vakillari, senatorlar va turli idoralar vakillari, ekspertlar hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi.
Majlisda “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi holati muhokama etildi hamda ushbu sohada muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Xususan, viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan Qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan 2 ta chora-tadbirlar rejasi, 4 ta “yo‘l xaritasi”, konsepsiya va qo‘shma buyruq qabul qilinib, ijro etilmoqda. Viloyat musiqali drama teatrida 32 ta spektakl sahnalashtirilgan, shundan 7 tasi xorijiy va 25 tasi mahalliy rejissyorlar tomonidan yaratilgan.
Mahalliy byudjetdan 19 mlrd 73 mln so‘m ajratilib, 16 ta madaniyat markazida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, madaniyat markazlari qoshidagi “Xalq” va “Namunali” unvonga ega 34 ta badiiy havaskorlik jamoaga mahalliy byudjet hisobidan 96 ta shtat birligi ajratilgan.
Madaniyat markazlarida 287 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 3342 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
Yangi barpo etilgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri binosida va Ko‘kdala tumani san’at saroyida 60 o‘rinli kinozallar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Muhokama jarayonida madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, faoliyatni yana-da takomillashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Jumladan, madaniyat markazlarida bolalarni to‘garaklarga yanada keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlar belgilash muhimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlash orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va qamrovini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga madaniyat markazlaridagi to‘garaklar faoliyatidan kelib tushadigan mablag‘larning to‘garak rahbarlariga manzilli ajratilishini ta’minlash imkoniyatlarini o‘rganish yuklatildi.
Musiqa maktablarida ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, xususan akademik xonandalik, estrada, teatr san’ati va baxshichilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olish orqali o‘quvchilarning qiziqishlariga mos ravishda imkoniyatlar yaratish tavsiya etildi.
Shuningdek, ushbu ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchi va mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish zarurligi bildirildi.
Mahallalarda “Teatr kuni”ni tashkil etish amaliyotini kengaytirish, bu borada aniq tadbirlar belgilab olish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.
Ko‘zi ojizlar uchun tashkil etilgan maxsus kutubxonalarda infratuzilma imkoniyatlarni yanada yaxshilash, ularni texnik vosita va zarur jihozlar bilan ta’minlash muhim masalalardan ekanligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan madaniyat markazlarini ta’mirlash, ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasini infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha Madaniyat vazirligi bilan o‘zaro hamkorlikda ishlashga kelishildi.
Bu borada mahalliy byudjet loyihasi shakllantirilishida mazkur masalalarni inobatga olinishi va Qo‘mita tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Madaniyat tizimida shaffoflikni ta’minlash, xodimlarning huquqiy bilimi va mas’uliyatini oshirish, shu orqali huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida prokuratura organlari bilan huquqiy-ma’rifiy tadbirlarga alohida e’tibor qaratishi va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida tegishi qaror qabul qilindi. Unda o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan Madaniyat vazirligi zimmasiga vazifalar yuklatildi.






