Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri sahnasida "Maysara" musiqali komediyasi premyera qilinadi
2025-06-05 16:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida Hamza Hakimzoda Niyoziyning "Maysaraning ishi" motivi asosida Bobur Hamroyevning "Maysara" musiqali komediya spektaklining jamoatchilik ko‘rigi bo‘lib o‘tdi.
Jamoat ko‘rigida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Teatr Arboblari uyushmasi mutaxassislari tomonidan kerakli takliflar bildirilib premyeraga ruxsat berildi.
"Maysaraning ishi" milliy komik asari har bir qahramonning o‘z xohish istaklari, intilishlari va o‘z haqiqatlari mavjud bo‘lib, unda ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash, har qanday zamon va davrda, millat uchun eskirmaydigan ijtimoiy, hayotiy, dolzarb mavzularini o‘z ichiga oladi.
Xususan, bosh qahramon timsolida o‘zbek ayolining aqlli va zukkoligi, bolajonligi, mehribonligi, bag‘rikengligi, mahalla ichidagi obro‘-e’tibori, insonlar g‘am-tashvishlariga befarq emasligi hamda ikkiyuzlamachi, tamagir, shahvoniy hisga berilgan shaxslarga nisbatan beayov kurashib o‘z yaqinlarini himoya qilgan jasoratli ayol obrazi namoyon bo‘ladi.
Shunisi e’tiborliki, ezgulik va yovuzlik har doim yonma-yon bo‘lib, jamiyatdagi halol, pok, vijdonli insonlarning nohaqlik va yovuzlikka qarshi kurashishi tufayli albatta ezgulik g‘alaba qozonishiga urg‘u berilgan. Bu mavzular bizning bugungi zamon va jamiyatimizda ham mavjudligi va dolzarbligi sabab "Maysaraning ishi" milliy komik operasi tomoshabinni bugungi kunda ham hayratga solib kelmoqda.
Rejissyor: Ilhom Atamirzayev
Bastakorlar: F.Zokirov, R.Ilyosov, U.Karimov
Rassom: Hayitboy Qambarov
Dirijyor: Akmal To‘rayev






