Iqtidorli ijodkor yoshlar o‘rtasida "Yosh ijrochilar" respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda
2025-05-31 13:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda iqtidorli ijodkor yoshlar o‘rtasida “Yosh ijrochilar” respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tanlov O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati, V.Uspenskiy va R.Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablari, shuningdek, 3 va 7-sonli Bolalar musiqa va san’at maktablari hamda Uchtepa tumanidagi madaniyat markazida jami 12 ta yo‘nalishdagi 70 ta nominatsiya bo‘yicha respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, texnikum hamda akademik liseylardan tashrif buyurgan jami 628 nafar ishtirokchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, tanlovning “An’anaviy xonandalik” (ayol, erkak) yo‘nalishida 44 nafar, “An’anaviy cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida 118 nafar, “Akademik xonandalik” (ayol, erkak) yo‘nalishida 37 nafar, “Damli va zarbli cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida 73 nafar, “Torli cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida 24 nafar, “Xalq cholg‘ulari” yo‘nalishida 147 nafar, “Fortepiano” yo‘nalishida, 27 nafar, “Estrada xonandalik” (ayol, erkak) yo‘nalishida 35 nafar, “Estrada cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida 35 nafar, “Teatr san’ati” yo‘nalishida 49 nafar, “Xoreografiya” yo‘nalishida 27 nafar, “Folklor san’ati” yo‘nalishida 12 nafar o‘quvchi yoshlar 3 turdan iborat bosqichlarda qatnashmoqda.
Tanlov mobaynida ishtirokchilarni har bir yo‘nalish bo‘yicha sohaning yetakchi mutaxassislari baholab bormoqda.
Tanlovning birinchi tur natijalariga ko‘ra ikkinchi tur saralash bosqichiga jami 429 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ayni vaqtda uchinchi tur bo‘lib o‘tmoqda.
Bugungi kunga qadar, “Xoreografiya”, “Folklor san’ati”, “Torli cholg‘u ijrochiligi”, “Akademik xonandalik” yo‘nalishlarida tanlovlar yakuniga yetdi. Qolgan yo‘nalishlarda davom etmoqda.
Tanlovning tantanali taqdirlash marosimi 3-iyun kuni Turkiston san’at saroyida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ–112-son qarori 2-ilovasi 11-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” 2008-yil 13-oktyabrdagi 226-son qarori asosida Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlari, texnikum va akademik litseylarning “Yosh ijrochilar” respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.









