Qoraqalpog‘istonda 3 ta spektakl Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy kengashdan o‘tkazildi
2025-05-21 20:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Avazxon Tadjixanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Begis Temirbayev bilan birgalikda Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan davlat teatrlarining faoliyatini takomillashtirish, teatrlarga yangi innovasion texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, sahna asarlarining badiiy saviyasini oshirish masalalari yuzasidan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatr va Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatri faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy kengash a’zolari bilan birgalikda akademik teatrda Q.Norqobilning "Daraxtlarning mahzun qo‘shig‘i", Yosh tomoshabinlar teatrida S.Kubayev, P.Belkovning "It bo‘lgim kelmaydi", S.Davlatmuratovning "Boylikning ma’naviy qonunlari" kitobi asosida B.Aytmuratov inssenirovkasi asosida sahnalashtirilgan "Oyning o‘n o‘n beshi yorug‘" spektakllarini badiiy kengashdan o‘tkazdi.
Avazxon Tadjixanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri Begis Temirbayev bilan birgalikda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali jamoasining 2024-2025-o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan hisobot konsertida ishtirok etdi va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialinining yangi imorati qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
