O‘zbekiston vazirlari Budapeshtda talabalar bilan uchrashdi
2025-05-19 21:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Vengriyada bo‘lib turibdi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov Vengriyadagi xizmat safari davomida O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan birgalikda Budapesht shahrida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi.
Talabalarga O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlik dasturlari, xorijda tahsil olayotgan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, qaytib kelib mehnat faoliyatini boshlashdagi ko‘mak mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov talabalarning o‘qish sharoitlari, ta’lim jarayonida duch kelayotgan qiyinchiliklari, amaliy mashg‘ulot va stajirovkalarda qatnashishi, shuningdek, ularning Vengriya ta’lim tizimi haqidagi shaxsiy taassurotlarini tingladi. Talabalarning loyihalari va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan qiziqib, ularni O‘zbekistondagi sohaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etishga chorladi.
Ozodbek Nazarbekov esa madaniy sohadagi o‘zgarishlar, madaniy diplomatiyada yosh kadrlarning o‘rni va kelgusidagi loyihalar haqida so‘zlab, talabalarni milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishda faol bo‘lishga chorladi.
Talabalar o‘zlari uchun muhim bo‘lgan bir qator masalalarni ko‘tardilar. Uchrashuvda ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Muloqot davomida talabalar davlatimizning yoshlarga bo‘lgan e’tiborini yana bir bor his etdilar. Uchrashuv xorijda tahsil olayotgan yoshlarning Vatan bilan muloqotini mustahkamlash, ularni mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga xizmat qiladi.

