Qodiriy qalamiga mansub "O‘tkan kunlar" romani ilk marotaba Ozarbayjon teatrida sahnalashtirildi
2025-05-01 17:30:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Madaniyat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchixonasi hamkorligida Boku shahar hokimiyati teatrida Qodiriy qalamiga mansub "O‘tkan kunlar" romani asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.
Unda, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan talim muassasalari agentligi hamda madaniyat va san’at, yozuvchilar, ta’lim muassasalari mutaxassislari, Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriydan iborat delegatsiya a’zolari ishtirok etishdi.
Shuningdek, spektaklda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Madaniyat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari xonim Gunay Afandiyeva ham ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida, spektaklni Abdulla Qodiriyning romani asosida rejissyor Ozarbayjon Xalq artisti Merahim Farzaliboyev sahnalashtirgan bo‘lib, mazkur asar xorijda ilk marotaba Ozarbayjonda sahnalashtirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “O‘tkan kunlar” romani xorijda ilk bor Ozarbayjonda taniqli turkshunos olim, o‘zbek millatiga mansub Xolid Said Xo‘jayev 1928-yilda tarjima qilinib, o‘sha yilining o‘zida kitob chop etilgan.
Bu esa o‘z navbatida ikki mamlakat munosabatlarida o‘zaro ishonch va har tomonlama sheriklik asosida muvaffaqiyatli davom etayotganining yana bir isbotidir.
Mazkur spektakl Ozarbayjon va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi umumiy madaniy ildizlar, adabiy an’analar va ma’naviy rishtalarni yana bir bor yodga tushirishga, bu aloqalarning yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.









