Turkiy davlatlar parlament assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Erning II Turkiy dunyo madaniyati forumi hamda Xalqaro ilmiy-amaliy anjumandagi nutqi
2025-04-26 15:00:00 / Yangiliklar
Janobi Oliylari, hurmatli mehmonlar,
Xonimlar va janoblar,
Bugun YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan va Markaziy Osiyoning eng diqqatga sazovor ochiq muzeylardan biri bo'lgan, qadimiy va ko'rkamli Xiva shahrida bo'lib o'tayotgan Ikkinchi Turk dunyosi madaniyatlari forumining ochilish marosimida nutq so’zlash menga alohida sharaf bag’ishlaydi. Qadimda Xorazm xonligining poytaxti boʻlgan Xiva - turkiy dunyoning madaniy va meʼmoriy ulug‘vorligining jonli dalilidir. Bugun uning qadimiy devorlari xalqlarimizning barhayot an'analariga yana bir bor guvohlik bermoqda.
Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi nomidan O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga ushbu nufuzli tadbirga taklif etilganim va beqiyos tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ushbu festival shunchaki ijrochilik san'ati bayrami emas, bu, butun turkiy dunyoda xotira, donishmandlik va o‘zlik posboni sifatida e’zozlangan san’at- baxshining barhayot merosining tantanali tasdig‘idir. Baxshi nafaqat san’at turi, balki falsafa, xalq solnomachisi va dostonchilik, she’riy va musiqiy mahorat orqali yetkaziladigan abadiy axloqiy rivoyatlar tajassumidir.
Xonimlar va janoblar,
Mazkur festival orqali baxshichilik anʼanalarining qayta tiklanishi va rivojlanishi madaniy merosimizni asrab-avaylash yoʻlidagi tarixiy qadamdir. Baxshichilik san’ati 2019-yilda YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani uning tamaddun qadriyati jahon miqyosida e’tirof etilganidan dalolatdir.
Birinchi marotaba 2019-yilda tashkil etilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiluvchi, qadimiy baxshichilik an’analarini ulugʻlovchi voqeaga aylandi. Ishtirokchilar sonining yil sayin ortib borayotgani va xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘layotgani ushbu noyob san’at turini saqlash va targ‘ib etishga butun dunyo bo‘ylab qiziqish borligidan dalolatdir.
Muhtaram qatnashchilar,
Baxshi - bu jonli doston timsolidir. Anadolu vodiysidan Qozog'iston dashtlarigacha, Qirg’izstonning manaslaridan tortib Ozarbayjon ozan va oshiqlariga qadar baxshining ovozi turli shevalarda aks sado beradi, shu bilan birga umumiy axloqiy qiblanamoni o'z ichiga oladi.
Bunday ruhda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali shunchaki ijro etish sahnasi bo‘libgina qolmay, balki yuksak ma’no anglatadi. Bu olimlar va hikoyachilar, avlodlar va geografiyalar o'rtasidagi muloqot uchun dinamik forum bo’lib xizmat qiladi.
Qadrli do’stlar,
Buyuk mutafakkir Navoiy o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida inson butun umri davomida so‘zga ehtiyojmand ekanligini, ijtimoiy ong va ijtimoiy borliqni so‘zsiz tasavvur etib bo‘lmasligini go‘zal badiiy ifodalar bilan ta’riflaydi. U zotning shunday misralari bor:
“Til bu chamanning varaqi lolasi,
So‘z duraridin bo‘lubon jolasi.
So‘zdin o‘lukning tanida ruhi pok,
Ruh dag‘i tan aro so‘zdin halok”
Ya’ni til shu chamanning ochilgan lolasi bo‘lsa, so‘z durlari unga qo‘ngan shabnamdir. So‘z o‘lgan odamning tanasiga pok ruh bag‘ishlaydi va aksincha, so‘zdan tanadagi tirik ruh halok bo‘lishi ham mumkin.
Ishonchim komilki, ushbu muhtaram tadbir milliy baxshi san'atini targ'ib qilish, saqlash va ijodiy rivojlantirishga, shu bilan birga xalqaro badiiy hamkorlikni kengaytirishga, xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashga, turkiy olamning madaniy-ma'naviy birligini mustahkamlashga katta hissa qo'shadi.
Nutqimni yakunlar ekanman, O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga hamda ushbu festivalning muvaffaqiyatli o‘tishiga hissa qo‘shgan barchaga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi sifatida biz turkiy dunyoning boy tarixiy, badiiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha o‘z sodiqligida sobit bo‘lib kelmoqdamiz. Madaniy an’analarimizni saqlash nafaqat ajdodlarimiz donishmandligiga hurmat, balki kelajak avlodlar oldidagi burch, deb bilamiz. Bunday azaliy qadriyatlarni nishonlash orqali biz xalqlarimiz birligini mustahkamlaymiz va tamaddun makonimizning bardavom hayotiyligini yana bir bor tasdiqlaymiz.
Baxshining muqaddas qo‘shiqlari Xiva va undan tashqarida ham sado berib, avloddan-avlodga abadiy hikmatni yetkazib, bizni chegaralar osha birlashtirib tursin.
E'tiboringiz uchun rahmat!
