O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning II Turkiy dunyo madaniyati forumi hamda Xalqaro ilmiy-amaliy anjumandagi nutqi
2025-04-26 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli forum ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, taklifimizni qabul qilib, II Turkiy dunyo madaniyati forumi hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga tashrif buyurganingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Bugungi tadbirlarimizda:
Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li, TURKSOY Bosh kotibi Sultonbay Akimovich, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raxmatullayevna, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Shahin Abdulloh o‘g‘li, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Gulbara Kadirbekovna va boshqa muhtaram mehmonlarimiz ishtirok etayotganidan behad mamnunmiz.
Shuningdek, mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan ziyolilari bilan birga, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Iordaniya, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya kabi 40 dan ortiq davlatlarning oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda fan, ta’lim, madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi yetuk olimlari, taniqli mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashayotgani alohida diqqatga sazovordir.
Fursatdan foydalanib, barcha mehmonlarimizga yuzlangan holda – jahon sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo‘lgan, Xorazmiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy singari ulug‘ allomalarni tarbiyalagan O‘zbekiston zaminiga, tinchlik, do‘stlik va ilm-ma’rifat diyoriga xush kelibsiz deyman!
Qadrli do‘stlar!
To‘rtinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivali va uning doirasidagi mazkur nufuzli xalqaro tadbirlarni ko‘hna va betakror Xiva shahrida o‘tkazayotganimiz bejiz emas.
YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bu go‘zal shahar 2020 yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti”, 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” sifatida e’tirof etilgani ko‘p narsani anglatadi.
Xiva nafaqat umumjahon merosiga taalluqli noyob tarixiy obidalari, balki qadimdan ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot rivojida katta o‘rin tutgan muhim manzillarimizdan biri ekanligi bilan ham qadrlidir.
E’tirof etish o‘rinliki, keyingi yillarda qardosh o‘lkalarda tashkil etilayotgan yirik anjumanlar, ularda ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar ma’naviy birligimizni ta’minlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Ozarbayjonning durdonasi, turkiy dunyoning madaniy poytaxtlaridan biri Shusha shahrida o‘tkazilgan Birinchi turkiy dunyo madaniyati forumi do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega anjuman bo‘ldi.
O‘zbekiston turkiy mamlakatlar doirasidagi tadbirlar, loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Yurtimizda bu borada madaniyat va san’at kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Turkiy tillar va adabiyotlari rivojiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda mamlakatimiz olim va ijodkorlari faol qatnashmoqda.
Ana shu hamkorlikning amaliy samarasi sifatida “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi o‘zbek tilida nashr etilgani, unga O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilgani quvonarlidir.
Majmuaning “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlangan dastlabki 5 jildini qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy va Nosiriddin Rabg‘uziy asarlari tashkil etgan bo‘lsa, “O‘zbek adabiyoti namunalari” deb nomlangan jildlaridan Alisher Navoiydan boshlab to bugungi kunga qadar qalam tebratib kelgan o‘zbek adabiyoti namoyandalarining durdona asarlari o‘rin olgan.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich, ushbu bebaho ma’naviy xazinani Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etish taklifini ilgari surgan edi.
Bu juda muhim tashabbus bo‘lib, amalda qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘ylaymanki, uni ro‘yobga chiqarishda ilm ahli, qadrli tarjimonlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yetakchisining tashabbusi bilan turkiy dunyoning siyosat, ilm-fan, tibbiyot, adabiyot va san’at sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan namoyandalarini rag‘batlantirish maqsadida buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani ham madaniy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘tgan yili Bishkek shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqida qardosh xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, yoshlarimizni ajdodlarimizga munosib ruhda tarbiyalash maqsadida turkiy ellar folklorining ko‘p jildli majmuasini a’zo mamlakatlar tillarida nashr etish tashabbusini ilgari surdi.
Bu borada “Turkiy mamlakatlar tarixi” kabi fundamental tadqiqotlarni birgalikda yaratish dolzarb vazifa ekanligini qayd etdi.
O‘z navbatida, turkiy tillardan bevosita tarjima qilishni rag‘batlantirish, maktablarimizda turkiy xalqlar va ularning tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san’ati haqida fakultativ darslarni yo‘lga qo‘yish lozimligi ta’kidlandi.
Yana bir muhim jihati, hademay O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kiradi va hozirda bu borada amaliy ishlarga kirishilgan.
Bu moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni asrab-avaylash, ilmiy tadqiq etish va keng targ‘ib etishda yangi ufqlar ochishi shubhasiz.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Bugungi globallashuv davrida, inson madaniyati va ma’naviyatiga, ayniqsa, yoshlar ongiga turli tahdidlar kuchayib, asl san’at o‘rnini, afsuski, “ommaviy madaniyat”, ta’bir joiz bo‘lsa, “madaniyatsiz madaniyat” egallab borayotgan hozirgi sharoitda mumtoz san’atni, xalq ijodiyotining nodir namunalarini asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish o‘ta muhim masaladir.
O‘zbekistonda xalq og‘zaki ijodining go‘zal va betakror namunasi bo‘lgan baxshichilik san’atini asrash, rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Termiz shahrida Respublika baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda Nukus shahrida opera va baxshichilik maktab-internati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida mazkur yo‘nalishda oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
Baxshichilik san’atining badiiy an’analarini saqlash maqsadida baxshilar tomonidan ijro etilgan 10 ta doston va termalarning “Oltin fondi” yaratildi.
Har ikki yilda Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish an’anaga aylandi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi xalqaro forum va anjumanning kun tartibi keng qamrovli bo‘lib, uning yalpi va shoʻba majlislarida turkiy dunyo madaniyati, O‘zbekistonda baxshichilik san’ati rivojiga oid qiziqarli ma’ruzalar taqdim etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, mahorat darslari o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
Shu fursatdan foydalanib, forum va ilmiy-amaliy anjumanni ochiq deb e’lon qilaman!
Barchangizga sihat-salomatlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, forum va anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.
