ASSALOMU ALEYKUM HURMATLI OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI VAKILLARI!
2025-04-26 09:30:00 / Yangiliklar
Barchmizga ma’lumki, ayni kunlarda qadimiy Xiva zaminida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali start olmoqda.
Har qaysi xalqning azaliy tarixi va madaniyati eng avvalo uning og‘zaki ijodi folklor san’atida, doston va eposlarida mujassam topgan bo‘lib, ular millatning o‘zligini anglash, uning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va an’analarini saqlash va rivojlantirishda bebaho manba hisoblanadi.
O‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida, 2019-yildan buyon “Xalqaro baxshichilik san’ati festivali” o‘tkazilib kelinmoqda.
Festival ilk marotaba 2019-yilda Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan, shuningdek,
2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 2023-yilda esa Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan.
Navbatdagi festival esa joriy yilning 26-28-aprel kunlari Xivada YUNESKO va AYSESKO shafeligida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkaziladi.
Festivalda dunyoning 40 dan ortiq davlatlaridan, jumladan, Ummon, Gabon, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Koreya, Kuvayt, Malayziya, Mavritaniya, Misr, Marokash, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Vengriya, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Serbiya, Belarus Respublikasi, Fransiya, Afg‘oniston, Yaponiya, Buyuk Britaniya, S’yerra-Leone, Shvesiya, Iordaniya, Shvesariya, Sudan, Turkiya, Bolgariya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Tunis, Slovakiya, Filippin, Qatar, Pokiston, O‘zbekiston davlatlaridan 200 nafarga yaqin vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.
26-28-aprel kunlari Xivada start olayotgan festival dasturi quyidagicha harakatlanadi:
26-aprel kuni Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi tashkil etiladi;
26-27-aprel kunlari festival doirasida “Ikkinchi Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi;
27-aprel kuni xorijiy davlatlar va O‘zbekiston vakillari o‘rtasida festival doirasidagi xalqaro tanlov o‘tkaziladi;
28-aprel kuni festivalning tantanali yopilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, festival doirasidagi tanlov ishtrirokchilarini baholash va g‘oliblarni taqdirlash uchun xalqaro tanlovida hakamlar hay’ati a’zolari tarkibi O‘zbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Quvayt, Mo‘g‘uliston davlatlari vakillaridan shakllantirilgan.
Ma’lumot uchun: “Gran-Pri” mukofoti - 7 000 AQSH dollarini tashkil etadi.
1-2-3-o‘rinlarni qo‘lga kiritganlar uchun mos ravishda har bir yo‘nalishda 2 ta nominatsiya (Doston ijrochiligi yo‘nalishi, Cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi) bo‘yicha 5 000, 3500, 2500 AQSH dollaridan mukofotlanadi.
Xiva shahrida o‘tkazilayotgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida faxriy mehmon sifatida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, AYSESKO Xalqaro hamkorlik sektori rahbari Zinelabiddin Muhammed, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy Akademiya Prezidenti Shahin Mustafayev, Ozarbayjon madaniyat vaziri
Adil Kerimli, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Gulbara Abdukalikova hamda turkiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorilari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
26-28 aprel kunlari Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida “II Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilmoqda.
Mazkur anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san’ati tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni haqidagi qiziqarli ma’ruzalarini taqdim etishadi.
Xususan, filologiya fanlari doktori, professorlar Karl Reichel, Fikrat Turkman, Eunkyung Oh, Hikmat Guliyev, Og‘uz Mehmet Ojal, Ismet Chetin, Anarboy Buldiboy, Selami Fidakor, Metin Ekiji, Talantali Bakchiyev, Gulnor Husainova, Aynur Ibrahimova kabi xalqaro miqyosda taniqli folklorshunos olimlar sohaning dolzarb muammolari haqida ma’ruza qiladilar.
Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etadilar.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari anjuman doirasida tashkil etilgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimiga bag‘ishlab tashkil etilgan mamlakatimizning usta baxshilari, xorijlik epik ijodkorlar, san’atkorlar ishtirokidagi bayram dasturida ham ishtirok etishadi.
Anjuman yakunida baxshichilik san’ati istiqboli bilan bog‘liq muhim rezolyusiya qabul qilinadi.
Konferensiya doirasida tashkiliy qo‘mita tomonidan yaratilgan “BAXSHI AYTIMLARI” to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Bu taqdimot xalqaro ilmiy anjumanning ijodiy cho‘qqisi va ilmiy yangiligi bo‘lishi kutilmoqda.
Baxshi aytimlari to‘plami 100 dona ishlab chiqarilib, har bir xalq dostonlari va terminlarini qaysi vaqtda ijro etilishi, uning inson ruhiyatiga ijobiy ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rin olgan “Qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma” ham anjuman ishtirokchilariga tarqatilishi rejalashtirilmoqda.
“II Turkiy dunyo madaniyati forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy ilmiy natijalari, xulosalar va saralab olingan eng yaxshi maqolalar jamlangan “Maqolalar to‘plami” nashr etilgan bo‘lib, barcha konferensiya ishtirokchilari va faxriy mehmonlarga sovg‘a qilinadi.
Anjuman so‘ngida har bir ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri tomonidan xalqaro sertifikat va konferensiya tashkiliy qo‘mitasining estalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi
2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3990-son qaroriga muvofiq, har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Termiz shahrida ilk marotaba 2019-yil I Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, unda turli mamlakatdan folklorshunos olimlar ishtirok etgan bo‘lsa, 2021-yil Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik festivali o‘tkazilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston madaniyati va baxshichilik san’atining boy merosini namoyon etilgan. 2023-yilda III Xalqaro baxshichilik festivali Guliston shahrida turli mamlakatning musiqashunos, folklorshunos, baxshilar va ijrochilarni bir yerga jamlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2019-yil 14-maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4320-sonli qarorida ta’kidlanganidek, xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob san’atni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulug‘ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis qilinganini qayd etish lozim.
HURMATLI FESTIVAL ISHTIROKCHILARI BARCHANGIZGA USHBU ZAMINDA START OLGAN IV XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALIGA XUSH KELIBSIZ DEYMIZ, O ‘YLAYMANKI USHBU FESTIVALNING DOVRUG‘INI BUTUN JAHONGA YOYIB, FESTIVAL HAQIDAGI XABARLARDAN BILAN BUTUN DUNYO AHLINI XABARDOR ETAMIZ.
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT!
