“Sog‘lom oila uchun birlashaylik!”
2025-04-05 19:00:00 / Yangiliklar

"Milliy bog‘i"da Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Sport vazirligi hamkorligida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan yirik sport tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova qatnashdi.
“Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbir doirasida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va 5 000 qadamli yurish marafoni o‘tkazildi.
Unda, turli vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan ayollar, mehnat jamoalari vakillari, uy bekalari va boshqa ishtiyoqmand xotin-qizlar faol ishtirok etdi. Jumladan, Madaniyat vazirligi jamoasi ayollari ham ushbu ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari va 5 000 qadamli yurish marafonida ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni sportga jalb etish va ommaviy sport madaniyatini rivojlantirishdan iborat.
Bugungi kunda xotin-qizlarimizning:
• 60% jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida faol ishtirok etmoqda;
• 30% dan ortig‘i esa sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish, aholining jismoniy faolligini oshirish maqsadida mahallalarda “Jismoniy faollik reytingi” yuritilishi va faol oilalarni rag‘batlantirishga doir amaliy ishlar jadal davom etmoqda.
Bugun shuningdek Respublikamiz bo‘ylab 9 452 ta mahallada xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sport musobaqalari o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda, shuningdek, sog‘lom hayotning muhim qismi bo‘lgan to‘g‘ri ovqatlanish masalalari ham muhokama qilindi.