Hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida memorandum imzolandi
2025-03-17 15:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 17-mart kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda mudofaa vaziri Shuhrat Xalmuxamedov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Madaniyat vazirligi va Mudofaa vazirligi mas’ullari ishtirok etgan muloqotda alohida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni boshchiligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda.
Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi yuksalmoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda. Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda.
Joriy yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida Xavfsizlik kengashining davlat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi va unda 2025-yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini hamda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik va psixologik ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Ana shu vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Madaniyat vazirligi o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida memorandum ishlab chiqildi. Uchrashuv doirasida madaniyat vaziri hamda mudofaa vaziri tomonidan mazkur memorandum imzolandi.
Hujjatda Mudofaa vazirligi bo‘linmalarida madaniyat va san’atni yanada keng targ‘ib etish, madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, metodik hujjatlarni ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatish, harbiy xizmatchilarning qalbi va ongiga mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat, milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olgan holda milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalaridan bahramand etish borasida amaliy yordam ko‘rsatish kabi qator maqsadlar qamrab olingan.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda mudofaa vaziri Shuhrat Xalmuxamedov ushbu Memorandum ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.