Asosiy kontentga o'tish

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida Jakomo Puchchinining “Bogema” operasi namoyish etildi

2025-03-17 09:35:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Jakomo Puchchinining “Bogema” operasi haqiqiy san’at bayramiga aylandi! Teatrning yetakchi solistlari o‘z rollarini ajoyib ijro etib, tomoshabinni muhabbat, sevgi va fojia muhiti bilan o‘rab olishdi. Ularning vokal qobiliyati va aktyorlik mahorati hech kimni befarq qoldirmadi.

 

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov boshchiligidagi teatr xori va mimans guruhi spektaklga o‘zgacha sehr qo‘shib, unutilmas muhitni yarata oldi. Tomoshabinlar ularning chiqishlaridan juda xursand bo‘lishdi va zalni olqishlar va jo‘shqin hayqiriqlar to‘ldirdi.

 

Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston Davlat simfonik orkestrining Puchchini musiqasini ajoyib tarzda ijro etishi, sahna va orkestr o‘rtasida uyg‘un birlikni vujudga keltirgan holda spektaklning chinakam yorqin qismiga aylandi.

 

 

Ma’lumot uchun “Bogema” operasi syujeti quyidagi voqealarni o‘z ichiga oladi:

 

Voqea taxminan 1830-yilda Parijda bo‘lib o‘tadi. Boloxonada to‘rt yosh yigit – shoir Rudolf, rassom Marsel, musiqachi Shonar, faylasuf Kolen istiqomat qilishadi. Har biri qachonlardir buyuk bo‘lish niyatida, lekin hozircha... kambag‘al, nochor yashashadi, hech vaqosi bo‘lmasa ham vaqtlarini xushchaqchaq o‘tkazishadi.

 

Boloxonada yashovchilar Lotin kvartaliga o‘ynab kelishga yo‘l olishadi. Uyda birgina Rudolf qoladi. U tasodifan kirib qolgan qo‘shni qiz Mimi bilan tanishadi, birgalikda Lotin kvartaliga boradigan bo‘lishadi. Yo‘lda bir-birlarini yoqtirib qolishadi.

 

Lotin kvartalida odatiy xush-xursandchilik. Rudolf do‘stlarini Mimi bilan tanishtiradi. Marsel sobiq jazmani – noz-karashmali, yengil tabiat Myuzettani ko‘rib qoladi, u bu gal yangi mijozi – keksa Alsindor bilan kelgan ekan. Ko‘p o‘tmay Myuzetta Alsindorni tark etib Marsel va uning do‘stlari davrasiga kelib qo‘shiladi.

 

Marsel va Myuzetta bir muddat birga bo‘lishgach, Myuzettaning churs tabiati, yengiltakligi, Marselning rashkchiligi tufayli yana yo‘llari ayro ketadi.

 

Rudolf va Mimi tez-tez janjallashib turishadi. Rudolf Mimidan aynashga qaror qiladi, negaki qiz og‘ir kasal va yigit uning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Ajralishlari shubhasiz.

 

Do‘stlar tag‘in boloxonada yashay boshlaydi. Go‘yo avval qanday bo‘lsa shunday. Lekin Marsel va Rudolf tez-tez o‘z jazmanlarini eslab turishadi. Yoshlar avvalgidek kambag‘al va quvnoq. Kutilmaganda Myuzetta paydo bo‘lib qoladi. Mimi esa kundan kun holsizlanib, kuchdan qolib boradi. Myuzetta sirg‘asini sotib Mimiga mufta olib beradi. Kolen o‘z yomg‘irpo‘shini sotadi. Mimi baxtiyor – suyuklisi Rudolf yana yonida. Qo‘llarini issiq mufta ichiga solib abadiy uyquga ketadi. Do‘stlar g‘am-g‘ussasining cheki yo‘q – ularning tashvishsiz, quvnoq hayotiga og‘ir qayg‘u kirib keldi.

107

Oxirgi yangilanish: 2025-03-17 09:41:52

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida Jakomo Puchchinining “Bogema” operasi namoyish etildi