Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi
2025-03-13 10:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib, viloyatdagi bir qator madaniyat muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
Avazxon Tadjixanovga xizmat safari davomida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamda Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Tojibayev hamrohlik qildi.
Xizmat safari davomida dastlab O‘zbekiston tumanidagi 23-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining faoliyati ko‘zdan kechirilib, maktabning o‘quv xonalari va dars mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilarining musiqa va san’at namoyishlari, ularning intellektual va badiiy salohiyatini namoyon etdi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston tumani Madaniyat bo‘limi faoliyati bilan ham tanishdi. U bu sohadagi ishlarga yuqori baho berdi va joriy yilda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma’lumot oldi. Madaniyat bo‘limining xizmatlari, xususan, mahalliy madaniyatni rivojlantirish, madaniy tadbirlarni o‘tkazish va san’atga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston tumani Madaniyat bo‘limiga damas avtomashinasi topshirildi. Ushbu sovg‘a bo‘limning ish faoliyatini yanada yaxshilash va madaniyat sohasidagi infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, joylarda jarayonlar boshlangan.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston tumanida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Shu bilan birga Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumiga tayyorlik ishlari bilan ham tanishdi.
Festivalga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Avazxon Tadjixanov Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida xizmat safari bilan bo‘lib, tadbirni tashkil etish bo‘yicha bir qator muhim masalalarni muhokama qildi.
Unda Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov, Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Tojibayev va boshqa mas’ullar ishtirok etib, festivalga tayyorgarlik ko‘rish va Xalqaro kulolchilik forumini o‘tkazish borasida aniq manzilli chora-tadbirlarni belgilab olishdi.