O‘zbekiston va Kuvayt Davlati o‘rtasida diplomatik munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-03-04 13:00:00 / Yangiliklar

Kuvaytning "The Times Kuwait" bosma nashrida O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning "O‘zbekiston va Kuvayt Davlati o‘rtasida diplomatik munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi.
Har qanday mamlakat taraqqiyotida xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatlar beqiyos o‘rin tutadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida, xalqaro munosabatlar tizimi tobora murakkablashib borayotgan bir davrda milliy manfaatlarni himoya qilish, mamlakatning dunyodagi obro‘yini oshirish masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, muayyan davlatning rivojlanish darajasi nafaqat sanoat yoki eksport salohiyati, balki boy madaniyatini ham jahonga ko‘rsata bilish qobiliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtayi nazardan tashqi siyosatning eng muhim tarkibiy qismi sifatida madaniy diplomatiya faoliyatini samarali tashkil qilishi ham juda muhim hodisadir.
Bugungi kunda respublikamiz madaniy diplomatiyasini rivojlantirish yo‘lida xorijiy davlatlar bilan samarali faoliyat olib borilmoqda.
Arabiston yarimorolida, Fors ko‘rfazining shimoli-g‘arbiy sohilida joylashgan Kuvayt davlati so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirib bormoqda.
Jumladan, O‘zbekiston va Kuvayt Davlati o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1994-yil 8-iyulda o‘rnatilgan bo‘lib, mazkur jarayondan so‘ng ikki davlat o‘rtasida madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar, festivallar va ilmiy anjumanlar tashkil etilib, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirib bormoqdamiz.
Shuningdek, madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida ikki davlatning madaniyat sohasidagi tegishli tashkilotlari o‘rtasida doimiy muloqot va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro madaniy tadbirlar o‘tkazish, san’at va madaniyat namoyandalarining tashriflarini tashkil etish muhim an’anaga aylanib bormoqda.
Kuvayt Davlati bilan madaniyat sohasida hamkorlikning joriy holati va dinamikasiga nazar qiladigan bo‘lsak ko‘plab hamkorlik jarayonlarning guvohi bo‘lishimiz mumkin, jumladan:
2017-yilning 15-22-dekabr kunlari Kuvaytning Al-Quvayt shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilgan bo‘lib, tadbirlar doirasida “Al-Advaniya” galereyasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rgazma, konsert dasturlari namoyish etilgan.
2021-yilning 14-16-sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumida, 2022-yil va 2024-yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” Xalqaro raqs festivali va uning doirasida o‘tkazilgan konferensiyada, 2023-yilning 5-8-may kunlari Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan III Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida, 2024-yilning 27-30-iyun kunlari Zomin tumanida bo‘lib o‘tgan II Xalqaro maqom san’ati anjumanida Kuvayt vakillari ishtirok etdilar.
2024-yilning 9-13-fevral kunlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ijodiy guruhi Kuvaytga gastrol safariga yuborildi.
Shuningdek, 2024-yilning 26-30-avgust kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida 20 milliondan ortiq obunachiga ega kuvaytlik mashhur jurnalist va bloger Abdulkarim Al-Hindal al-Hoshimiy qatnashdi va yurtimiz, jumladan, Samarqandda bo‘lib muqaddas qadamjo va tarixiy yodgorliklar, xalqimiz turmush tarzi, an’ana va qadriyatlarimiz haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida videolavhalar joylashtirganligi alohida tahsinga sazovordir.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda o‘zbek madaniyati va san’atini Kuvayt xalqiga yana bir bor namoyon etish maqsadida, 2025-yil davomida Kuvayt Davlatida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etish, shu bilan birga, madaniyat va san’at sohasida faoliyat yurituvchi ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ikki davlat o‘rtasida madaniy turizmni rivojlantirish yuzasidan amaliy harakatlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz.
Bundan tashqari, milliy madaniyatimizni asrash va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniyat muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, madaniy turizmni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ham hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari mavjud bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishga xizmat qiladigan muhim hujjatlarni imzolanishi kutilmoqda.
O‘ylaymanki, Arabiston yarimorolida joylashgan ushbu davlat bilan madaniy aloqalarimiz yanada mustahkamlanib boraveradi.