Adliya vazirligining “Ziyo ulash” tashabbusiga qo‘shiling!
2025-02-21 10:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli yurtdoshlar, davlat tashkilotlari, biznes va keng jamoatchilik vakillari!
Har bir kitob – bilim daryosi. U orqali biz nafaqat o‘z bilimlarimizni boyitamiz, balki olamni ko‘rish va tushunish doiramizni kengaytiramiz. Kitob – bu qimmatli meros, uni baham ko‘rish esa insonning eng olijanob fazilatlaridan biridir. Shu sababli Adliya vazirligi mamlakatimizda ma’naviyatni yuksaltirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida respublikamizdagi davlat xizmatlari markazlarida kitob almashish uchun maxsus “Ziyo ulash” burchaklarini tashkil etmoqda.
“Ziyo ulash” loyihasi haqida
“Bukshering” — bu kitoblarni erkin almashish madaniyatidir. Biz har birimiz o‘qigan kitobimiz bilan boshqalarni ham xabardor qilish, ilmga qiziqtirish va o‘zaro bilim almashish imkoniyatiga egamiz.
Adliya vazirligi ushbu madaniyatni keng ommalashtirish maqsadida 2024 yil “Ziyo ulash” aksiyasini boshladi. Dastlabki bosqichda adliya tizimi xodimlari o‘zlari o‘qib bo‘lgan kitoblarni ixtiyoriylik asosida keltirib topshirdilar. Ushbu kitoblardan respublikamiz bo‘ylab 200 dan ortiq mahalla kutubxonalari tashkil qilindi. Endilikda ushbu tashabbusga keng jamoatchilikni ham jalb qilish maqsadida loyihani yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Bu tashabbus:
- Kitobxonlikni ommalashtirish;
- Jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va hurmatni oshirish;
- Yosh avlodni bilimga chanqoq qilib tarbiyalash kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Sizning ishtirokingiz muhim!
Ushbu ezgu tashabbusga barchangizni qo‘shilishga chaqiramiz. Quyidagi yo‘llar orqali «Ziyo ulash» aksiyasi ishtirokchisiga aylanishingiz mumkin:
- Kitoblar hadya qilish. O‘zingiz o‘qigan, lekin hali boshqalarga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan kitoblarni davlat xizmatlari markazlaridagi “Ziyo ulash” burchaklariga olib keling.
- Atrofdagilarni “Ziyo ulash” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirish. Do‘stlaringiz, hamkasblaringiz va boshqa davlat tashkilotlari xodimlarini ushbu tashabbusda ishtirok etishga da’vat eting.
- Targ‘ib qilish. “Ziyo ulash” burchaklarining afzalliklari haqida yaqinlaringizga aytib bering, ijtimoiy tarmoqlarda ular haqida yozing.
Shuningdek, har bir davlat tashkiloti xodimlari va rahbarlarini ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. “Ziyo ulash” burchaklarini o‘z tashkilotingizda targ‘ib qilib, o‘qib bo‘lgan kitoblaringizni ulashing yoki yangi kitoblarni hadya qiling. Chunki ushbu kitoblar boshqalar tomonidan erkin o‘qilishidan tashqari, jamlanib, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tarqatiladi.
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish davlat va jamiyat birligida amalga oshadigan ulug‘ ishdir. Keling, birgalikda bilimni ulashaylik va aholi intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shaylik.
Biz bilan bo‘ling – bilimni baham ko‘raylik!
Adliya vazirligi.
