Surxondaryoning madaniyat markazlaridan birida viloyat seminari tashkil etildi
2025-02-24 09:25:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Surxondaryoning Bandixon tumanidagi 9-son madaniyat markazida viloyat miqyosida "Madaniyat markazlaridagi to‘garak, jamoa va studiyalari faoliyatini rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosini qo‘llab-quvvatlash" bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Normurodov, tuman hokimining o‘rinbosari U.Qulmamatov va mas’ullar hamda viloyatning tuman Madaniyat bo‘limlari mudirlari ishtirok etib, Bandixon tuman Madaniyat bo‘limidagi viloyat miqyosidagi ibratli ishlar o‘rganildi. Bundan tashqari 35 yildan buyon do‘mbira yasab kelayotgan hamda Bandixonda baxshichilik san’atining rivojlanishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan Normurod baxshi Shaydilovning yasagan do‘mbiralari bilan tanishildi.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan Madaniyat markazida tashkil etilgan ansambllar, ovoz yozish studiyasi hamda kutubxona faoliyati bilan tanishildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar milliy film namoyishi hamda tuman Madaniyat bo‘limi boshlig‘i Sh.Rahmonovning madaniyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lumot o‘rnida, markazning moddiy texnika jamlanmalarini tubdan yangilash, iqtidorli yoshlarni qo‘llash maqsadida tuman hokimligi tomonidan zarur mablag‘lar bilan ta’minlanib, eng zamonaviy uskunalar xarid qilindi.