Buyuk shoir Alisher Navoiy tavallud kuni joylarda keng nishonlandi
2025-02-10 14:20:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Toshkent shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy tavallud kuni joylarda keng nishonlandi.
9-fevral kuni buyuk shoir Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi nishonlandi. Shu kuni “Uzbekistan Airports” va Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet katta teatri bilan hamkorlikda poytaxt xalqaro aeroportining uchib ketish zalida tematik spektakl tashkil qilindi.
Katta teatrning yetakchi solistlari Abdug‘ani Ro‘ziyev va Shavkat Ziyomuhamedovlar bir necha soat davomida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy obrazini yaratishdi. Aeroport yo‘lovchilari va mehmonlari o‘rta asrlarning atoqli shoiri she’rlarini tinglash, tarixiy qahramonlar libosidagi teatr aktyorlari bilan esdalik suratlariga tushish imkoniga ega bo‘ldilar.
Xorijlik yo‘lovchilar ko‘p bo‘lgan terminalda qahramonlar katta ishtiyoq bilan kutib olindi, esdalik uchun suratga tushishdi, turli tillardagi she’rlarni zavq bilan tinglashdi. Madaniy spektakl Sharja, Tehron, Sharm al-Shayx, Moskva, Olmaota, Dushanbe, Bishkek, Istanbul va boshqa shaharlarga uchayotgan mingdan ortiq yo‘lovchilarni qamrab oldi.





