Press-reliz: Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat muassasalari faoliyatini kompleks rivojlantirish hamda madaniyat va san’at sohasiga doir amalga oshirilgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan press-tur
2025-01-23 17:45:00 / Press-relizlar
So‘ngi yetti yil ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator yangi madaniyat va san’at maskanlari qad rostladi.
Xususan, Mo‘ynoq, Xo‘jayli, Ellikqal’a, Chimboy tumanlarida 150 o‘rinli bolalar musiqa va san’at maktablari hamda Nukus shahrida Opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mo‘ynoq, Bo‘zatov, Chimboy, Qo‘ng‘irot tumanlarida amfiteatr binosi hamda investitsiya dasturi doirasida Respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi yangidan qurildi.
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri va Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri yangi bino qurilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatriga “Akademik teatr” maqomi berildi.
Madaniyat obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash tiklash maqsadida, 2017-2024-yillarda 15 ta madaniyat va san’at muassasalari yangidan qurildi, 10 ta madaniyat va san’at muassasalari rekonstruksiya qilindi hamda 18 ta madaniyat va san’at muassasalari kapital ta’mirlandi hamda jihozlandi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 99 ta madaniyat muassasalari bo‘lib shundan, 3 ta davlat va 1ta xususiy teatrlari, 5 ta konsert tashkilotlari, 60 ta madaniyat markazi, 3 ta ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi hamda maktab internati, 24 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 2 ta oliy ta’lim muassasalari, 1 ta respublika ko‘zi ojizlar kutubxonasi va uning 9 ta filiali faoliyat olib bormoqda.
Bugun, 23-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat muassasalari faoliyatini hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng ommaga yetkazish maqsadida, OAV ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir nechta hududlariga press-tur uyushtirildi.
Dastlab, Nukus shahridagi Yoshlar markazi binosida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda qoraqalpoqlik yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda 200 ga yaqin madaniyat va san’at sohasida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlar, davlat mukofoti va stependiantlar, xalqaro tanlovlar g‘oliblar ishtirok etishdi.
Press-turning navbatdagi manzili Kegeyli tumanidagi 31-sonli “Xalqabad” Madaniyat markazi binosiga bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yilning 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan namunali madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida topshiriq berilgandi, shunga ko‘ra, respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich ushbu jarayon amalga oshirilmoqda.
“Xalqabad” Madaniyat markazi 1963-yili qurilgan bo‘lib, foydanishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Markazning eski binosi buzib tashlanib, 2 mlrd 700 mln so‘m mablag‘ hisobidan rekonstruksiya ishlari olib borildi va yangidan qurilib, 2024-yilda qayta foydalanishga topshirildi. Markaz to‘liq zamonaviy jihozlar va 25 dan ortiq musiqa asboblari, ovoz kuchaytiriuvchi uskunalar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlangan.
Ushbu “Xalqabad” madaniyat markazi 168 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 5 ta to‘garak (to‘qimachilik, raqs, gitara, qo‘g‘irchoq teatri, ashula) faoliyat yuritmoqda. Ularga 60 ga yaqin hudud yoshlari qamrab olingan.
Shuningdek, madaniyat markazida kichik kutubxona va tomoshabinlar zalida kinoteatr yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur madaniyat markazi 35 mingdan ziyod aholiga madaniy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab, 837 ta (Qoraqalpog‘iston Respublikasida 60 ta madaniyat markazlari mavjud) madaniyat markazlari faoliyat olib bormoqda, ularda 4 mingga yaqin to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda, 48 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan.
“Xalqabad” Madaniyat markazi binosiga tashrif davomida unda yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi hamda markazda, davlat buyurtmasi asosida suratga olingan komediya janridagi “Yasha xotin” kinokartinasi Kegeyli tumani aholisiga namoyish etildi.
Navbatdagi manzil, Xo‘jayli tumanidagi 4-son bolalar va musiqa san’at maktabi bo‘ldi.
Xo‘jayli tumanidagi 4-son bolalar musiqa va san’at maktabi 1957-yilda tashkil topgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risida”gi 2015-yil 20-noyabrdagi PQ-2435-son qaroriga muvofiq, 2019-yilda 4 mlrd, 950 mln so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilingan.
Maktabning umumiy quvvati 150 oʻringa moʻljallangan bo‘lib, ayni kunda 180 nafardan ortiq o‘quvchilar tahsil olishmoqda. Shuningdek, maktabda 150 o‘rinli konsert tomosha zali, kutubxona va 25 ta o‘quv xonalari mavjud bo‘lib, maktab kutubxonasida 470 dan ziyod musiqiy adabiyotlar va notalar fondi jamlangan.
Hozirgi kunda maktabda 32 nafar pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda, shundan 14 nafari oliy, 7 nafari oʻrta, 11 nafari tugallanmagan oliy malumotli.
Maktabda 2024-2025-oʻquv yilida 8 yoʻnalish (fortepiano, torli cholgʻu, xalq cholgʻulari, baxshi-jirov, estrada, xoreografiya, tasviriy san’at, teatr san’ati) boʻyicha ta’lim-tarbiya olib borilmoqda.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari orasida 2022-yilda Orinbayeva Erkinay hamda 2023-yilda Qudaybergenova Gulshinarlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olishga sazovor bolishdi.
Shu bilan bilan birga maktab o ‘quvchilari bir qancha tanlov va festivallarda faol qatnashib yuksak natijalarga erishib kelishmoqda.
Navbatdagi manzil, Nukus shahridagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali binosining qurilish ishlari bilan tanishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-404-son qaroriga muvofiq 2024-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali uchun 300 o‘rinli o‘quv binosini qurish va kapital ta’mirlash uchun 27 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirgi kunda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Foydalanishga topshirish muddati 2025-yilning ikkinchi yarim yilligi etib belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida jami 365 ta ta’lim muassasasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasida 29 ta ta’lim muassasalari: 3 ta ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi hamda maktab internati, 24 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 2 ta oliy ta’lim muassasalari mavjud) faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 325 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 29 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi va maktab-internatlari, 5 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 4 ta filiali hamda 2 ta malaka oshirish markazlari mavjud. Mazkur ta’lim muassasalarida 112 ming nafardan ortiq o‘quvchi-talabalarga 18 ming nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda. Xususan, bolalar musiqa va san’at maktablarida 90 ming nafardan ortiq, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarda 10 ming nafardan ortiq va oliy ta’lim muassasalarida 12 ming nafardan ortiq o‘quvchi-talabalarni tashkil etadi.
Press-tur yakunida Nukus shahridagi “Do‘stlik maydoni”da “Yulduz bilan sayyohat” loyihasi doirasida Benom guruhi ijodkorlarining konsert dasturi namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yana oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–406-son qarori 9-bandida “Yulduz bilan sayohat” loyihasini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi belgilangan.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi hamda Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan mazkur loyihaning navbatdagi qismini Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etish rejalashtirilgan. Loyihaning mazkur qismi “Benom” guruhi xonandalari va boshlovchi Jamshidbek Normatov ishtirokida joriy yilning 22–23-yanvar kunlari sur’atga olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik salohiyatini ommaga ko‘rsatish va uni keng targ‘ib qilish maqsadida bir qator tarixiy obidalar va madaniy maskanlarga tashrif buyurildi.
23-yanvar kuni soat 18:00 da Nukus shahridagi Mustaqillik maydonida loyiha mehmonlari ishtirokida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsert dasturiga 5 000 nafardan ortiq tomoshabinlar jalb etildi.
Shuningdek, “Qoraqalpog‘iston san’at saroyi”da aholi uchun davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Uch qahramon” hamda “Yasha xotin” kinokartinasi aholi uchun namoyish etildi.
Qo‘shimch ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2025-yilning 22-23-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, sohani rivojlantirishga doir bir nechta uchrashuvlar va yig‘ilishlar o‘tkazdi hamda press-turda ishtirok etdi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Tleubayevich Orinbayev bilan uchrashuvdi;
“Qoraqalpog‘iston san’at saroyi”da Madaniyat vazirligining 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishini o‘tkazdi;
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Ajiniyoz” operasida ishtirok etdi;
So‘ng, Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan soha vakillarining 20 nafaridan ortig‘iga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdi.