“Xalqlar doʻstligi” san'at saroyida Vatan himoyachilari kuni tantanali nishonlandi
2025-01-15 15:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizdagi muhtasham Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyida “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” katta tantana va bayram shodiyonalarining kulminatsiyasiga aylandi. Unda senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov soʻzga chiqib, Prezidentimiz – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan so‘ng, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Konsertni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Uchqun Tillayev ijrosidagi “Amir Temur marshi” ochib berdi. Mardlikni, jasoratu fidoyilik va qahramonlikni ulugʻlovchi mazkur marsh kuch tuzilmalarining Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va havaskorlik jamoalar ijrosidagi ona Vatanni va milliy armiyamiz quch-qudratini ulugʻlovchi turkum kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.
Ha, dunyoda yoqimli qoʻshiqdan zavqlanmaydigan, uni sevib tinglamaydigan inson yoʻq. Chunki kuyda ulugʻ hikmat, qoʻshiqda hayot otligʻ qudrat va chek-chegarasiz mehr-muhabbat yashirin. Shuning uchun ham musiqaning taʼsir kuchi, uning harbiy-vatanparvarlik targʻibotidagi ahamiyati hech qachon qimmatini yoʻqotmaydi. Zero, mardlik, jasurlik va fidoyilikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar Vatan himoyachilari uchun cheksiz kuch-gʻayrat va shijoat manbai sanaladi.
Shuningdek tantanada harbiy xizmatchilarning sheʼriy chiqishlari namoyish etildi. “Bulbulcha” bolalar xor va raqs ansambli hamda Respublika ixtisoslashtirilgan xoreografiya maktab-internati oʻquvchilarining ijodiy chiqishlari ham kechaga oʻzgacha fayz bagʻishladi. Zero, yosh isteʼdod egalarining sanʼatga boʻlgan ishtiyoqi ularning ijodiy qobiliyatini yaqqol koʻrsatib berdi. Bu esa tomoshabinlarning davomli olqishiga sazovor boʻldi.