O‘zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyati sarhisob qilinib, sohaning 50 nafar vakillariga "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni topshirildi
2025-01-13 11:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha O‘zbekiston davlat filarmoniyasi o‘z faoliyati yuzasidan 2024-yilni sarhisob qilib, 2025-yil rejalari haqida bo‘lishdi. Tadbirda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining hududiy bo‘linmalari vakillari hamda badiiy jamoalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Shuningdek, sarhisobga bag‘ishlangan tadbir davomida, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh soha vakillariga Madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.
Tadbirda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirok etib, soha vakillarini 2024-yildagi samarali mehnatini yuqori baholab, 2025-yildagi faoliyatlarini yanada samarali qilishlariga ishonch bildirdi. Shuningdek, tadbir davomida "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan 50 nafar madaniyat va san’at sohasi vakillariga ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-yil davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jami 3 ming 393 ta madaniy-ma’rifiy, konsert-tomosha tadbirlari va rasmiy qabul marosimlari o‘tkazilib, ular orqali 1 mln. 653 ming 928 nafar tomoshabin qamrab olingan.
Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufidagi badiiy jamoalari va hududiy bo‘linmalari ijodiy xodimlari tomonidan 76 ta oliy ta’lim hamda 1 323 ta xalq ta’limi muassasalarida jami 1 399 ta lektoriya-konsert dasturlari o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-406-son qarori ijrosi yuzasidan Filarmoniyaning badiiy jamoalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarning chekka hududlarida yashovchi aholi uchun 84 ta hamda “Madaniyat karvoni” doirasida 25 ta, jami 109 ta gastrol-konsert dasturlari tashkil etilib, tadbirlar davomida 259 100 nafarga yaqin tomoshabin qamrab olindi.
2024-yil davomida Xalqaro miqyosdagi turli tanlov va festivallarda Filarmoniyanining bir necha yetuk mutaxassislari va ijodiy jamoalarning ishtiroki ta’minlandi.
Jumladan, 2024-yil davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi ijodiy jamoalari va hududiy bo‘linmalarning ijodkorlari 18 ta xorijiy davlatlarga 46 marotaba gastrol safarga yuborildi.
Shuningdek, filarmoniya bilan xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida 10 dan ziyod konsertlar, ular doirasida mahorat darslari o‘tkazildi.
Xalqaro miqyosidagi 15 ta turli tanlov va festivallarda mutaxassislar va jamoalarning ishtiroki ta’minlanib nufuzli o‘rinlarni egallab kelishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-iyuldagi 12-bayoni hamda Madaniyat vazirining 2024-yil 19-iyuldagi 362-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil III-chorakda Toshkent shahrining 12 ta tumanida “Milliy Party” shou dasturlari jami 45 ta gala-konsert dasturlari o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-yanvardagi 14-sonli majlis bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi (Simpoziumlar saroyi)da taniqli madaniyat va san’at namoyandalarining ijodiga bag‘ishlangan 9 ta ijodiy-ma’rifiy kechalari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentyabrdagi 04/17-29-son topshirig‘i hamda Madaniyat vazirligining 2024-yil 13-sentyabrdagi 03-11-20/02-2946-son topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahri va Samarqand viloyatining shahar va tumanlarida 67 ta ommaviy-madaniy tadbirlar tashkil etilib, 59 820 nafar tomoshabinlarni qamrab olindi.








