Pokiston matbuotida O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning "O'zbekiston: Madaniyatni rivojlantirish – Milliy individuallikni saqlashning asosiy vositasi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi
2025-01-08 18:30:00 / Yangiliklar
Pokiston matbuoti xususan, "Associated Press of Pakistan", "Diplomatic News Agency – DNA" axborot agentliklari, "Pakistan in the World" va "The Diplomatic Insight" jurnallari, "Islamabad Post" va "Daily Ittehad" gazetalari, "Pakistan Economic Net", "Media Online Today", "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" axborot platformalarida O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning "O'zbekiston: Madaniyatni rivojlantirish – Milliy individuallikni saqlashning asosiy vositasi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi.
Pokiston nashrlarida O'zbekiston Prezidentining "Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo'lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san'at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo'lib maydonga chiqishi zarur" degan so'zlari mamlakatimizdagi islohot jarayonlarining mustahkam tamal toshi bo'lib xizmat qilayotgani ta'kidlanadi.
Shu o'rinda, milliy san'atni asrab-avaylash, yosh avlodni uning ma'naviy go'zalligi bilan tarbiyalash, madaniyatni ijtimoiy hayotning uzviy qismi sifatida mustahkamlash — O'zbekistonda uchinchi Renessansga poydevor qo'yish hamda uzluksiz taraqqiyot jarayonining ajralmas qismiga aylanayotgani e'tirof etilgan.
Shuningdek, O'zbekistonda madaniyat va san'at ta'limini rivojlantirish, yoshlarni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi yutuqlari bilan tanishtirish, ularda o'z tarixiga va san'atiga hurmat hisini shakllantirish uchun zamonaviy va innovatsion ta'lim metodlari joriy qilinayotgani, yosh iste'dodlarni kashf etish va ularni qo'llab-quvvatlash orqali mamlakatimiz san'atining porloq kelajagini yaratish uchun barcha zarur choralar ko'rilayotganiga urg'u beriladi.
"Madaniyat nafaqat bir xalqning ruhiy manzarasi, balki dunyo hamjamiyatiga ulashadigan boy xazinadir. Shuning uchun mazkur jarayonda milliy madaniyatni saqlash va rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda targ'ib qilish, zamonaviy texnologiyalar yordamida dunyoga tanitish – davlat siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri bo'lib qolmoqda", - deya O'zbekiston madaniyat vaziri fikrlaridan iqtibos keltiriladi maqolalarda.
Nashrlar madaniyatni rivojlantirish, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni asriy g'oyalar bilan uyg'unlashtirish orqali globallashuv muhitida milliy ruhiyatni saqlab qolishni "yuksak maqsad" deya xulosa qilgan.
Manba: Dunyo AA