Asosiy kontentga o'tish

Ko‘hna maqom Toshkent xalqaro aeroportida jarang sochdi

2024-12-07 16:30:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida o‘ziga xos musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hamda Uzbekistan Airports AJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi PQ-289-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi.

 

Mazkur tadbirning maqsadi O‘zbekistonning boy madaniyati va milliy san’atimizning betakror ohanglarini xorijiy mehmonlar, yo‘lovchilar va sayyohlarga taqdim etish edi. Shu orqali ularni O‘zbekistonning mehmondo‘stligi va madaniy boyligidan bahramand qilishga qaratilgan.

 

Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarligidagi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli o‘z mahoratini namoyish etdi, unda O‘zbekiston xalq artisti Abdulahad Abdurashidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Abdurahmon Xoltojiyev va Gulbahor Erqulova, shuningdek, taniqli san’atkorlar Quvonchbek Do‘stmurodov, Ozodbek Tillanazarov va Sunnatilla Yunusovlar ishtirok etishdi. Ansamblning ijrosi milliy musiqamizning boyligi va go‘zalligini yana bir bor tasdiqladi.

 

Mazkur musiqiy dasturlar aeroportga tashrif buyurgan yo‘lovchilar va sayyohlarning kayfiyatini yuksaltirib, ularda O‘zbekistonning iliq mehri, milliy musiqamizning chuqur falsafasi va nazokatiga nisbatan iliq his-tuyg‘ular uyg‘otdi. Ayniqsa, xorijiy mehmonlar maqom san’atining betakror ohanglaridan hayratga tushib, o‘z vatanlariga qalblarida O‘zbekistonning mehmondo‘stligi va musiqiy merosini olib ketdilar.

 

Tadbir davomida Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zali milliy ruh va ma’naviyat bilan to‘ldi. Ushbu tashabbus san’atimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda hamda milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi.

 

Maqom san’ati — xalqimizning madaniy durdonasi, ma’naviyatimiz ruhi. Ushbu musiqiy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan har bir tadbir milliy san’atimizning jozibasini dunyoga namoyon qilishda va uning umumbashariy qadriyat sifatida tan olinishida beqiyos o‘rin tutadi.

489

Oxirgi yangilanish: 2024-12-16 15:09:10

Ko‘hna maqom Toshkent xalqaro aeroportida jarang sochdi